Agentlik huzuridagi Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, Buxoro filiali va boshqa boʻlinmalar hamkorligida “21-oktyabr – Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 32 yilligi” munosabati bilan maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unga tilshunos olima, professor Bibish Muhsinovna va Buxoro Davlat Pedagogika Universitetining dotsenti, filologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston yozuvchilar Uyushmasi aʼzosi Laylo Frunzeyevnalar taklif etildi.
Maʼrifiy uchrashuvda yurtimizda ona tilimiz oʻzining xaqiqiy oʻrni va mavqeiga ega boʻlib borayotgani, tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehr-oqibat soʻzlarini boshqa tillarga aynan tarjima qilib boʻlmasligi, ularni faqat oʻzbek tilida ifodalash mumkinligi eʼtirof qilindi.
Shuningdek, soʻzga chiqqanlar til madaniyat koʻzgusi va ruhimizning qanoti ekanligi, ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz lozimligi, oʻzbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kaliti ekanligini taʼkidladilar.
Maʼrifiy uchrashuvda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, Buxoro filiali rahbari Ulugʻbek Bozorov filiallarda hujjatlar aylanishi toʻliq lotin alifbosida olib borilishi, korxona va tashkilotlar, yuqori turuvchi tashkilot bilan aylanadigan hujjatlar yuritilishini faqat davlat tilida boʻlayotganligini maʼlumot oʻrnida aytib oʻtdi.