1970-yildan boshlab har yili 14-oktyabr butun dunyoda Xalqaro standartlar kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana bejiz tanlanmagan. 1946-yilning ushbu sanasida Londonda jahonning 25 mamlakatidan kelgan standartlashtirish boʻyicha mutaxassislar vakilligida oʻtgan konferensiyada Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti – ISO (International Standartization Organisation)ga asos solingan edi.
Keyinchalik ushbu sanaga ISO tashkilotining oʻzidan tashqari Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi – IES (International Electrotechnical Commission) hamda Xalqaro Telekommunikatsiya Ittifoqi – ITU (International Telecommunication Union) ham taʼsischi sifatida qoʻshilgan. Odatda har yilgi bu bayram sanasi biror dolzarb mavzu bilan bogʻliq shior ostida oʻtadi. 2021-yilgi Xalqaro standartlar kuni bayramining shiori BMTning 2030-yilgacha boʻlgan umumiy taraqqiyot marralarini koʻzlovchi Barqaror taraqqiyot maqsadlari (Sustainable Development Goals) dasturiga bagʻishlangan boʻlib, “Standartlar – barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun” – deya nomlandi.
Xalqaro standartlar – xaridorlarning ham tanloviga taʼsir qiladi. Zero, u yoki bu mahsulotning muayyan xalqaro standartga muvofiqligi, xaridorning ushbu mahsulotning sifat koʻrsatkichlariga boʻlgan ishonchni orttiradi. Shu nuqtayi nazardan, xalqaro standartlarga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, eng avvalo, ishlab chiqaruvchining oʻziga foyda keltiradi va uning eksport salohiyatini oshishiga xizmat qiladi. Oʻzbekiston ham 165 mamlakat qatorida ISO tashkilotining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Ushbu tashkilotda mamlakat nomidan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ishtirok etadi.
Sana munosabati bilan standartlashtirish sohasida faoliyat koʻrsatib kelayotgan barcha mutaxassislarni tabriklaymiz.