Oʻzbekiston Akkreditatsiya markazida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha monitoring ishlari oʻtkazildi. Unda hujjatlarini yuritishda davlat tiliga rioya qilinishi, barcha ish yuritish hujjatlari va turli blankalarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtkazishni taʼminlashga eʼtibor qaratildi.
Akkreditatsiya sohasi oʻziga xos soha boʻlib, unga tegishli hujjatlarda juda koʻp texnik soʻzlar koʻp uchraydi. Ularning oʻzbek tilidagi muqobili esa har doim ham mavjud emas. Shu bois, hujjatlardagi aniqlikka eʼtibor qaratish va shu bilan birga davlat tiliga rioya qilish oʻta muhim.
Shuning uchun markaz xodimlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslari va malaka oshirish markazida tahsil oldilar va mahsus sertifikatga ega boʻldilar.
Markaz xodimlari orasida boshqa millatga mansub xodimlar bilan ishlash, markaz xodimlariga lotin alifbosini oʻrgatish masalalari boʻyicha ham suhbat oʻtkazildi.
Akkreditatsiya markazida “e-akkreditatsiya” axborot tizimini ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish hamda akkreditatsiya xizmatlarini toʻliq avtomatlashtirish maqsadida takomillashtirildi. Muhim, ushbu axborot tizim toʻliq davlat tilida yaratildi. Mazkur axborot tizimida “e-imzo” elektron kalit orqali akkreditatsiyadan oʻtishga talabgor boʻlgan subyektlar uchun shaxsiy kabinet yaratish, akkreditatsiya xizmatlari narxini hisoblash, akkreditatsiyaga ariza taqdim etish, akkreditatsiya jarayonini monitoring qilish imkoni yaratilgan. Shuningdek, tizim foydalanuvchilari davlat reyestriga kiritilgan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlari, ularning xizmat koʻrsatish sohalari va texnik imkoniyatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olishlari mumkin.
Monitoring natijasida ish blnaklari, meʼyoriy hujjatlarni toʻliq davlat tilida boʻlishini taʼminlash, axborot burchaklaridagi maʼlumotlar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi kerakligi va maʼnaviyat va maʼrifat xonasi va idoraviy kutubxona tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi.