Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilish qarori ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan har haftaning juma kuni bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulariga bagʻishlangan onlayn siyosiy-maʼrifat oʻquv soati oʻtkazish va ushbu oʻquv soatlarini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining youtube kanali orqali kuzatib borish yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu oʻquv Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilayotgan boʻlib, u vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, barcha tuman, shahar hokimliklari rahbar va masʼul xodimlariga moʻljallangan.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizim rahbar va masʼul xodimlari ushbu siyosiy-maʼrifat soatini muntazam kuzatib borib, ushbu yoʻnalishda oʻz bilimlarini oshirmoqdalar. Bugungi oʻquv soatining birinchi mavzusi 1-oktyabr – oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan boʻlib, taniqli olim, filologiya fanlari nomzodi Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovichning “Ustoz ota kabi ulugʻ” mavzusidagi tabrik va maʼruzalari tinglandi. Olim Renesanslar haqida fikr yuritib, Uchinchi Renesans poydevorining asoschisi Davlatimiz rahbari boʻlsa, uning bunyodkorlari yoshlardir deb, yoshlarning ushbu masʼuliyatli vazifani bajarishlarining tashkilotchilari aziz Ustozlardir deb alohida taʼkidladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti, yuridik fanlari doktori Narzullayev Olim Xolmamatovich oʻzining “Saylovoldi tashviqoti” nomli maʼruzasida oktyabr oyida respublikamizda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiligiga saylovlar, uning oʻtkazilishi, saylovoldi targʻibot tashviqot ishlari, saylovda saylovchilarning ishtirok etish qoidalari haqida tushunchalar berdi.
Siyosiy-maʼrifat soatining dolzarb mavzularidan biri “Huquqiy savodxonlik” boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bosh maslahatchisi Rajaboyev Dilmurod Kuldash oʻgʻli hafta davomida qabul qilingan dolzarb normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berdi.