Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida 1-oktyabr – oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mustaqillik bayramining 30 yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori Ayupov Shavkat Abdullayevichga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilib, oliy nishon – “Oltin yulduz” medali topshirilgan edi. Sh.Ayupov fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Butun jahon fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Maʼrifiy uchrashuvda Agentlik va tizim-tashkilotlarining faol yoshlari Oʻzbekiston Qahramonining ibratli hayot yoʻli va yurtimizda boʻlayotgan ilm-fan yoʻnalishidagi ulkan islohotlardan xabardor boʻldilar. Shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorlik, davlat va xalq manfaatlari yoʻlidagi fidokorona mehnat, ishlab chiqarish va ijtimoiy-maʼnaviy sohalardagi koʻp yillik samarali va ibratli faoliyat Prezidentimiz tomonidan munosib taqdirlangani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda olim oʻzining ibratli hayot yoʻli haqida yoshlarga gapirib, ilmiy ixtirolar, ularning ilm fan rivojidagi ahamiyati, Oʻzbekiston olimlarining xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni haqida misollar bilan yoshlarni tanishtirdi.
Maʼrifiy tadbir soʻnggida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.