Maʼrifatparvar bobolarimiz taʼbiri bilan aytganda “Dunyo imoratlari ichida eng muqaddasi maktab boʻlsa, kasblarning ichida eng moʻtabari bu oʻqituvchilik-murabbiylikdir”
Yoshimiz, kasbi-korimizdan qatʼiy nazar bizga taʼlim va tarbiya bergan, hayot saboqlarini oʻrgatgan ustozlar oldida oʻzimizni maʼnaviy qarzdor hisoblaymiz. Darhaqiqat, ustozlarning qimmatli oʻgitlari yoshlar uchun hayot maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Har yili 1-oktyabr oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi muallim va ustozlarga koʻrsatib kelinayotgan hurmatning yorqin namunasi deyish mumkin.
Bayram arafasida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Buxoro viloyati hududiy filiallari hamkorligida “Ustozga ehtirom” deb nomlangan maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda uzoq yillar metrologiya boʻlimida samarali faoliyat koʻrsatgan Vaysqul Ondayevni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklab, shogirdlari tomonidan ehtirom koʻrsatildi.
Maʼrifiy uchrashuvda ustoz Ondayev Vaysqul Sobirovich koʻrsatilgan hurmat uchun minnatdorchilik bildirib, yoshlarga zamonaviy yondashuvlar asosida mehnat qilib, tizim faoliyatini yanada rivojlantirishda omad tiladi.