Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish Agentligida davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Yoshlar Parlamenti aʼzosi, Respublika Yoshlar Parlamenti raisi Sobitov Otabekxoʻja kitob haqida gapirar ekan, kitobda Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni qurish boʻyicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilganligini qayd etdi. Maʼruzachi kitob haqida gapirarkan, oʻz soʻzini mashhur yunon faylasufi Suqrotning “Oʻzgalarni oʻzgartirmoqchi boʻlgan inson, avvalo, oʻzini oʻzgartirishi lozim. Buning uchun esa, aniq maqsad, tolmas iroda va doimiy izlanish kerak” degan soʻzlari necha ming yil oldin aytilgan boʻlsa-da, ammo hozirga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganligi, bugun biz Prezidentimiz boshchiligida Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini yaratish, yangi demokratik jamiyatni barpo etishdek ulugʻ maqsad ortidan yoʻlga chiqayotgan ekanmiz, demakki, bunga erishish uchun oldimizda aniq rejalar boʻlmogʻi lozimligini alohida taʼkidladi. Yurtimizda “Hammasi xalq uchun” gʻoyasi ostida amalga oshirilayotgan islohotlar va bugun har bir fuqaro oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni his etayotganligini taʼkidlar ekan, davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida keyingi 5 yilda amalga oshiriladigan strategik yoʻl aniq va ravshan bayon etilganligini qayd etdi.
O.Sobitov hozirgi kunda yoshlarimiz xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi boʻlib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni samarali amalga oshirishda hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqayotganini taʼkidlab, oʻz oʻrnida, yoshlarni har taraflama barkamol boʻlib yetishishlari uchun barcha sharoitlari yaratilganligini eʼtirof etdi. Jumladan, birgina misol sifatida keltirishimiz mumkin, mamlakatimizda yoshlarning ilm olishiga boʻlgan eʼtibor soʻnggi 5 yillikda yuqori choʻqqiga yetdi. Yurtimizda oliy taʼlim muassasalari sonining 77 tadan 141 taga yetkazilishi, 26 ta xorijiy oliygohlarning filiallari ochilishi, oliy taʼlimga qamrov 9 foizdan 28 foizga koʻtarilishi biz yoshlar uchun ulkan imkoniyat hisoblanadi. Ushbu masalalar ham kitobda batafsil yoritilganini gapirdi.
Binobarin, “Tomirlarida buyuk bobolarining qoni oqayotgan yoshlarimiz ulugʻ ajdodlarimizning munosib vorislari boʻlishi, ular kabi ulkan maqsadlar sari intilib yashashi va yuksak marralarga erishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishimiz zarur”, deb yozadi Prezidentimiz oʻz asarida.
Tadbirda kutilayotgan saylov jarayonlari yangi milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga amal qilingan holda demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangicha muhitda oʻtishini alohida toʻxtalib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidagi 10 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha belgilangan vazifalarga alohida toʻxtaldi. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli rejalar belgilanganligini aytib oʻtildi.
Maʼlumot oʻrnida, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi” nomli kitobi muqaddima, 7 boʻlim va xotimadan iborat. Boʻlimlar quyidagicha nomlangan: “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi”; “Xalqparvar davlat”; “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”; “Adolatli ijtimoiy siyosat”; “Maʼnaviy taraqqiyot”; “Xavfsizlik va tashqi siyosat”; “Oʻzbekiston va umumbashariy muammolar”.