Texnik jihatdan tartibga agentligi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. Unda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini ijrosini taʼminlash, kiyinish madaniyati masalalariga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Majlis Bosh direktor raisligida agentlikning tizim tashkilotlari va hududiy filiallari rahbarlari ishtirokida oʻtkazildi.
Soʻzga chiqqanlar tomonidan joriy yilning oktyabr oyida davlatimizda muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi boʻlib oʻtishi, ana shu saylovoldi jarayonlarda har bir saylovchi ovoz berayotgan nomzodi haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishi, saylovda qatnashish tartibini bilishi va oila aʼzolariga buni yetkazishi, saylov jarayonlariga masʼuliyat bilan yondashishi lozim ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Davra suhbatida kun tartibidan oʻrin olgan yaqinlashib kelayotgan 1-oktyabr – oʻqituvchi va murabbiylar kuni, 21-oktyabr – oʻzbek tili bayramini keng nishonlash boʻyicha ham fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi. Bayram munosabati bilan agentlik va uning tizim tashkilotlarida koʻp yillar davomida samarali mehnat qilib, hozirgi kunda qarilik gashtini surayotgan faxriylar bilan uchrashuvlar, ustozlar oʻgʻitlaridan bahramand boʻlish, “ustoz-shogird” tizimini yanada rivojlantirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvlari”ni oʻtkazish, buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyatiga bagʻishlab bunyod etilgan muqaddas qadamjolarga ekskursiyalar uyushtirish boʻyicha kelishib olindi.
Shu bilan birga, “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida oʻzbek tilini tarannum etuvchi turli chellenjlar tashkil qilish, oʻzbek tili boʻyicha mutaxassis va olimlar bilan uchrashish, sheʼrxonlik va kitoblik kechalarini tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bayram arafasida har bir masʼul oʻz hududidagi barcha yozuvlarning davlat tilida ekanligiga alohida eʼtibor qaratishi zarurligi qayd etildi.
Majlisda xodimlarning kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida tizim tashkilotlari, hududiy filiallarda idoraviy kutubxonalar fondini boyitish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonaning viloyatlardagi filiallari bilan hamkorlikni oʻrnatish, muntazam ravishda xodimlarga yangi olingan kitoblar bilan tanishish imkoniyatini yaratish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Bosh direktor tomonidan barcha hududiy filiallar rahbarlariga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boshqarmalari bilan yaqindan hamkorlikni oʻrnatish, birgalikda tadbirlar oʻtkazish vazifasi ham topshirildi. Shuningdek, xodimlarning kiyinish madaniyati haqida soʻz yuritilib, har bir xodim davlat xizmatchisi degan nomga mos ravishda kiyinishi, oʻzini tutishi, faoliyati yuritishi zarurligi taʼkidlandi.
Naibaxon Mamadaliyeva
Bosh direktor maslahatchisi,
fil.f.d., professor