Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlar hukumat rahbarlarining 2020-yil 29-maydagi “Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti tanlovi”ini oʻtkazish toʻgʻrisidagi Qarori va Davlatlararo standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish kengashi (MGS)ning 57 yigʻilishi Bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida ilk bor Oʻzbekistonning 2 ta korxonasi “Indorama Kokand Textiles” (Fargʻona viloyati) va “AGROMIR” (Samarqand viloyati) tanlovda ishtirok etdi.

Maʼlumotnoma: Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlardagi korxonalarning yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishini ragʻbatlantirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek MDH hamda jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida MDHga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining 2020-yil 29-maydagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq 2 yilda 1 marotaba Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti (Premii Sodrujestva Nezavisimыx Gosudarstv za dostijeniya v oblasti kachestva produksii i uslug) tanlovi oʻtkazish joriy etilgan. Rasmiy sayt http://easc.by/konkurs-na-soiskanie-premii-sng

Tanlovda Oʻzbekiston korxonalari bilan birga Rossiya Federatsiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston korxonalari ishtirok etishdi va Tanlov komissiyasining tavsiyasiga muvofiq mamlakatimiz korxonalari final bosqichiga yoʻl oldi.

Mazkur korxonalarimiz final bosqichida tanlov komissiyasining ekspertlari tomonidan belgilangan mezonlarda baholanadi. Tanlov gʻoliblari diplom bilan taqdirlanadi va sovrin logotipidan 3 yil davomida mahsulotlarini yorliqlashda reklama maqsadlarida foydalanishlari mumkin boʻladi.

“Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti” tanlovida ilk bor Oʻzbekiston korxonalari final bosqichiga yoʻl olishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yana bir bor ijobiy natijasiga ishoradir.

 

Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi
Xalqaro hamkorlik boshqarmasi