Texnik jixatdan tartibga solish agentligi va uning tizim tashkilotlari, hududiy filiallarida Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Kuni kecha Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti, “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamentining Andijon viloyati hududiy filiallari tomonidan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston: erkin va farovon yashaylik!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Andijon viloyati yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, yozuvchi va shoirlar S.Qosimov va B.Fidoiy, Andijondagi Muhammad Yusuf ijod maktabi oʻqituvchisi Sh.Xamidova ishtirok etib, tadbirga bayramona kayfiyat ulashdilar. Ijodkorlar oʻzlarining ijod namunalaridan oʻqib eshittirdilar.
Davra suhbatiga har uchala filialda avval ishlab ketgan faxriylari taklif qilingan boʻlib, ular yoshlarga sohani rivojlantirish uchun sidqidildan mehnat qilish, oʻz ustida ishlash, fidoiy va masʼuliyatli boʻlish kerakligi haqida gapirdilar. Jumladan, filialda koʻp yillar davomida samarali mehnat qilib, hozirda qarilik gashtini surayotgan faxriy soʻzga chiqib, sohada maʼnaviy-maʼrifiy, davlat tilida ish yuritish, lotin alifbosiga bosqichma bosqich oʻtish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, oʻzlari ishlagan vaqtda oʻzbek tiliga munosabat haqida ham toʻxtildi. Faxriyning qayd etishicha, shunday vaqtlar boʻlgan ekanki, oʻzbek tilida biror xat tayyorlansa hatto rahbarga imzoga ham kiritilmagan ekan va rus tilida tayyorlanishi talab qilinapr ekan. Oqibatda sohaga davlat tilini qoʻllash sustlashib, koʻplab atamalar yoʻqolib borgan yoki ushba atamalarni oʻxbek tilida qoʻllash masalasi kun tartibidan tushib qolgan.
Bundan tashqari, filial rahbarlari jamoalarida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, davlat tilida ish yuritishga toʻliq oʻtilganligi haqida ham misollar bilan gapirdilar.
Taʼkidlash lozim, davra suhbatining amaliy natijasi sifatida filiallar xodimlarini lotin alifbosiga oʻrgatish hamda jamoada faoliyat yuritadigan boshqa mmllat vakillarini davlat tilida ish yuritishga oʻqitish boʻyicha Muhammad Yusuf nomidagi ijodkor maktabi ona tili va adabiyoti oʻqituvchilarini jalb etishga kelishib olindi.