Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasining Ummon davlatidagi elchixonasi xamkorligida Ummonning “Atyab Foodtech” kompaniyasi bosh menejeri Moxib Axmad Xon bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot uchun: “Atyab Foodtech” “Oman Flour Mills Company” (SAOG) kompaniyasining asosiy investitsion boʻlimi hisoblanadi va u gigiyenik jihatdan toza balanslashtirilgan yeguliklarga ega boʻlish, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qayta ishlash uchun yangi texnologiyalar ishlab chiqish, xalq isteʼmol mollarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash singari masalalar borasida koʻmak koʻrsatadi.
Suhbat chogʻida Respublikada ishlab chiqarilayotgan va olib kirilayotgan mahsulotlarni xalqaro talablar asosida sinovlarini oʻtkazish boʻyicha zamonaviy sinov laboratoriyalar tashkil etish masalasiga urgʻu berildi. Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi va oziq ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyotganligi taʼkidlanib, respublikamiz eksport geografiyasini kengaytirish, organik ishlab chiqarish salohiyatidan toʻliq foydalanish sohasidagi Hukumat qarorlari ijobiy baxolandi.
Uchrashuv yakuni va natijasiga koʻra, Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar milliy AKIS markazi respublika tarmogʻi negizida “Agro-oziq-ovqat texnologiyalari markazlari” tashkil etish loyihasi qoʻllab quvvatlanishi, eksport uchun birgalikda “ISO”, “HACCP”, “FSSC”, “Global GAP”, “Halol” xalqaro standartlariga muvofiq baholash ishlarini olib borish va tajribali xorijiy mutaxassislar jamoasi tomonidan treninglar oʻtkazilishda hamkorlik qilishga kelishildi.
Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi
Xalqaro hamkorlik boshqarmasi