Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi masʼullari ishtirokida Muvofiqlikni baholashdagi ijobiy oʻzgarishlari yuzasidan maʼlumot berildi.
Anjumanda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi tomonidan Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi va Xalqaro akkreditatsiya forumi tashkilotlari aʼzoligiga erishilgan. Hozirgi kunda Markaz ILAC muxbir aʼzosi, IAFning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.
Ammo bu tashkilotlarga kirish va ularning uslubiy talablarini bajarishdan tashqari, koʻp tomonlama tan olish Bitimlarini imzolash muhim hisoblanadi. Ushbu tashkilotlar doirasida ikkita alohida xalqaro Bitimlar mavjud, ularni imzolash orqali barcha milliy akkreditatsiya idoralari, Bitim ishtirokchilari boʻlgan davlatlar bir-birlarining akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash natijalarini tan oladilar.
Bugungi kunda akkreditatsiyadan oʻtgan jami respublikada 243 ta sinov va 8 ta kalibrlash laboratoriyalari, 14 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlari, 69 ta mahsulotlarni sertifikatlashtirish organlari, 15 ta inspeksiya idoralari faoliyat olib boradi.
2021-yilning birinchi yarmida Markaz tomonidan, xorijiy espertlarni jalb qilgan holda tashkillashtirilgan oʻquv seminarlarida respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan laboratoriyalarning 173 ta xodimlari oʻz malakalarini oshirgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Turkiya Respublikasi Halol Akkreditatsiya agentligi, Polsha akkreditatsiya markazi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan xalqaro shartnomalar imzolangani aytildi.
Bundan tashqari Akkreditatsiya xizmatlarini koʻrsatishda mijoz bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish holatlarini yana-da qisqartirish, xizmatlarni Biznes jarayonlarini reinjiniringiga (BPR) oʻtkazish yoʻli bilan yana-da optimallashtirish boʻyicha “E-accreditation” milliy axborot-dasturiy taʼminotini amaliyotga joriy etish ishlari yakunlanmoqda va sentyabr oyida ushbu tizim ishga tushiriladi. Natijada, akkreditatsiya jarayonlarini amalga oshirilishida ochiqlikni taʼminlash, akkreditatsiya boʻyicha buyurtmalarni “onlayn” qabul qilish, xizmatlar narxini hisoblashda xolislik va ochiqlikni taʼminlash imkoniyati yaratilgani taʼkidlab oʻtildi.
Matbuot anjumani soʻnggida jurnalistlarning savollariga javob berildi.