2016 yilning 8 dekabrida Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo Kengashining 50-yig‘ilishida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.A.Xaitovning Rossiya Federatsiyasi texnik tartibga solish va metrologiya agentligi (Rosstandart) Rahbari A.V.Abramov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Aytib o‘tish joizki, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik Davlatlararo standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Kengashi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Rossiya Hukumatining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi bitimi doirasida amalga oshiriladi.
Idora rahbarlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi kundagi holati va istiqbollarini muhokama qilishdi.
Jumladan, ikki tomonlama etalon birlik kattaliklari solishtiruvlarini o‘tkazish ishlarini faollashtirish haqida kelishib olindi.
O‘lchov birliklarini ta’minlash sohasidagi ishlar bo‘yicha metodik maslahat o‘tkazish masalasi muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.
Metrologiya va standartlashtirish sohalarida ilmiy xodimlarni amaliyot o‘tashlari va qiyoslovchilarni o‘qitish, o‘lchov vositalarini qiyoslashni tashkillashtirish, etalon bazasini rivojlantirish sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek tomonlar Rossiya Federatsiyasining milliy standartlarini O‘zbekiston Respublikasida amalda qo‘llashni muhokama qildilar.
Uchrashuvda tegishli faoliyat sohalaridagi ikkita mamlakatning o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi idoralararo Memorandumni tayyorlash va imzolashga asosiy e’tibor qaratildi.