Joriy yilning 26-28-iyul kunlari Yevropa Komissiyasining Texnik yordam va axborot almashuvi vositasi koʻmagi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida onlayn oʻquv-seminar tashkil qilindi.
Tadbirni Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi hamkorlik boʻlimi rahbari Fransua Bejo ochib, bugungi kunda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi doʻstona munosabat va oʻzaro iqtisodiy hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, koʻplab kelishuvlarga erishilayotganligi, bu esa mamlakatlar iqtisodiy rivojida muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.
Jumladan Yevropa Komissiyasining qarori bilan 10-aprelda Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va boshqaruv boʻyicha imtiyozlar tizimi (GSP +) Oʻzbekiston uchun kuchga kirganligi, Bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga toʻqimachilik mahsulotlarini eksport uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratishi taʼkidlandi.
Davlat va xususiy sektorda faoliyat koʻrsatayotgan mutaxasislar ishtirok etgan oʻquv-seminarda belgiyalik ekspert Morin Logge xonim, Ruminiyalik ekspertlar Speranta Stomff va Andreya Yorga xonim, Bolgariyalik Daniela Milanova-Gorcheva xonim tomonidan Yevropada standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, xalqaro akkreditatsiya, sohaga oid direktivalar,
SE markirovkasi, Yevropa ichki bozoriga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning kirib kelishini taʼminlash (RAPEX), texnik jihatdan tartibga solish tizimi, shu jumladan qonunchilik, va mavjud normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, xavflilik darajasi yuqori boʻlgan va xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan mahsulotlarni muvofiqligini baholash boʻyicha bilim va koʻnikmalar berildi.
Tadbir yakuniga koʻra Yevropalik ekspertlar bilan texnik jixatdan tartibga solish yoʻnalishida kengaytirilgan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Xalqaro hamkorlik boshqarmasi