Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda tizim tashkilotlari rahbar va xodimlari ishtirokida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalari yuzasidan seminar boʻlib oʻtdi. “Korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish boʻyicha huquqiy targʻibot” mavzusida seminar mehmoni Toshkent shahar adliya boshqarmasi Shayxontohur tumani adliya boʻlimi boshligʻi Azimboy Nurullayev boʻldi.

Notiq Prezidentimizning “Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalarimizdan biri boʻlib qoladi”, degan soʻzlarini keltirib, huquqni muhofaza qilish idoralari oldida turgan vazifalarni sanab oʻtdi. Shuningdek, mavzu doirasida har bir fuqaroning burchini eslatib, bir qator hayotiy misollar keltirdi.

Bugungi targʻibotdan koʻzlangan asosiy maqsad xodimlarning huquqiy savodxonligini yana-da boyitish, ularning shu yurt, shu vatan oldidagi farzandlik burchini bajarish hamma uchun foyda keltirishini yana bir bor eslatib oʻtishdan iboratligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida yigʻilganlarga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi bildirildi.

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiya xavf-xatarlari oʻrganib chiqildi va korrupsiya xavf-xatarlarining idoraviy xaritasi (reyestri) tayyorlandi va xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha bosqichma-bosqich choralar koʻrilmoqda. Tizim tashkilotlari tomonidan xizmatlar koʻrsatishda korrupsiya holatlarining oldini olish uchun inson omilini qisqartirish, xizmatlar shaffofligini taʼminlash maqsadida xizmatlar koʻrsatish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish choralari koʻrildi va barcha xizmatlar masofadan elektron shaklda koʻrsatilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar oʻrganib chiqildi va korrupsion holatlar kelib chiqishiga sharoit yaratib berayotgan normalar aniqlanib, bartaraf etish choralari koʻrildi. Fuqarolar va yuridik shaxslar uchun sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya hamda muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish xizmatlaridan foydalanishda korrupsiyaviy holatlar yuzasidan hamda xodimlarning boshqa qonunga xilof harakatlari toʻgʻrisida xabar berish tizimi yaratildi. Agentlik hamda uning tizim tashkilotlari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlar orasida xizmat mavqeini suisteʼmol qilish va korrupsiyaning oldini olish maqsadida seminarlar, vebinarlar va davra suhbatlari oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilib, profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi 7 ta ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqildi va tegishli buyruq bilan amaliyotga joriy qilinib, barcha xodimlarga rahbarlik va rioya etish uchun yetkazildi.