2016 yilning 7-9 dekabr kunlari “O‘zstandart” agentligining bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashining 50-yig‘ilishida ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun: Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hukumatlari rahbarlari tomonidan imzolangan “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosat yuritish to‘g‘risidagi Bitim”iga asosan 1992 yilning 13 martida tashkil etilgan.
Bitim MDH qatnashchi davlatlarning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy organlarining manba’lari va imkoniyatlarini birlashtirish, shuningdek ushbu sohalar faoliyatida yagona texnik siyosat yuritish vakolatini berdi. Bitimda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashi – ko‘rsatilgan faoliyat sohalarida MDH qatnashchi davlatlarining ishlarini yo‘naltiruvchi va kelishilgan siyosatni shakllantiruvchi organini shakllantirish ko‘rib chiqilgan. Har yili standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashi doirasida MDH mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligi uchun sharoit yaratuvchi va savdo-sotiqda texnik to‘siqlarni bartaraf etuvchi bir yarim mingga yaqin davlatlararo standartlar –GOSTlar (bitim amal qilish muddatida jami 12000 dan ortiq GOSTlar) qabul qilingan.

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashining 50-yig‘ilishi ishida O‘zbekiston Respublikasi qatorida boshqa MDH davlatlari(Azarbayjon Respublikasi, Armaniston, Belarusiya, Kozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi) standartlashtirish bo‘yicha milliy organlarining vakillari, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashining ijroiya qo‘mitasi va Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Davlatlararo Kengashining standartlashtirish bo‘yicha byurosi ishtirok etdi. Kuzatuvchi sifatida yig‘ilishda Yevroosiyo Ekonomik Komissiyasi (YeEK) vakillari texnik tartibga solish masalalari bo‘yicha ishtirok etdi.


Yig‘ilishda texnik tartibga solish sohasidagi, davlatlararo standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya, texnik reglament talablariga amal qilishni nazorat qilish bo‘yicha kelgusidagi ishlarga tegishli 20 dan ortiq masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan:

  • Metrologik ta’minlash sohasidagi xukumatlararo bitimlar to‘g‘risida;
  • MDH qatnashchi davlatlarinining o‘zaro savdo-sotiqi va texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitim loyihasi haqida;
  • Davlatlararo standartldarni tarqatish Tartibi loyihasi va davlatlararo standartlashtirish bo‘yicha hujjatlarni tarqatish to‘g‘risidagi bitim loyihasi haqida;
  • “Akkreditatsiyalangan muvofiqlikni baholash organlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim” loyihasi haqida;
  • Davlatlararo standartlashtirish ishlarining 2016-2018 yillar uchun Dasturi haqida va hakozo.