Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentimizning texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilishga oid imzolagan Qaror va Farmonlari ijrosini taʼminlashga qaratilgan OAV xodimlari uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtmoqda.

Asosiy maqsad mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan. Bundan tashqari tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sanoat korxonalari bilan tizimli ishlarni tashkil etish agentlik oldidagi muhim vazifa hisoblanadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berildi:

mutasaddi idoralar tomonidan xalqaro standartlar va texnik reglamentlarning jadal joriy etilishini muvofiqlashtirib borish;

mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarni buzganlikda aybdor boʻlgan tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), sotuvchilar va ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash boʻyicha sudga murojaat qilish;

korxonalarda texnik reglament va standartlar talablariga rioya etmaganlik uchun korxona va tarmoq rahbarlariga taqdimnomalar kiritish;

texnik reglamentlar, standartlar va qonunchilikda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirish va reyestrini yuritish.