Bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Oʻzstandart” agentligining Standartlar institutida ham Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etish hamda standartlarning tarjima qilinish sifatiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda Institut xodimlari tomonidan olib borilayotgan ISO xalqaro standartlarini oʻzbek tilida davlat standarti koʻrinishida ishlab chiqish boʻyicha ishlar haqida gapirdilar va bu ishlarni yana-da jadallashtirish boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan ishlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda Standartlar institutning yetuk mutaxassis xodimlari ham ishtirok etib, qabul qilinayotgan standartlar boʻyicha atamalar lugʻatining yangi tahririni nashr qilish masalasini ham muhokama etdilar. Xalqaro standartlarning xorijiy tillardan davlat tiliga oʻgirib, isteʼmolga kiritilayotgani muhim jarayon ekanligi taʼkidlanib, standartlar boʻyicha atamalarning elektron platformasini tashkil etish rejasi kelishib olindi.

Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlarini yana-da rivojlantirish maqsadida yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga yana-da kengroq jalb etish, oʻtkaziladigan amaliy va ilmiy loyihalar tanlovlarida faol ishtirok etish, institut Ilmiy kengashi faoliyatini yana-da takomillashtirish, Kengash tarkibiga sohaning yetuk olim va mutaxassislarini jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi hamda “Standart” jurnali faoliyati xususida ham soʻz yuritildi.