“Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Standartlar institutida qabul qilinayotgan standartlar boʻyicha atamalar lugʻatining yangi tahririni nashr qilish masalasi muhokama qilindi.

Unda tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida xalqaro standartlarning oʻzbek tiliga tarjima qilib, davlat tilida isteʼmolga kiritilayotgani, standartlarni oʻzbek tiliga tarjima qilishni raqamlashtirish, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli ravishda tashkil qilish maqsadida standartlar boʻyicha atamalar elektron platformasini yaratish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Maʼrifiy uchrashuv davomida institutda “Maʼnaviyat xonasi” tashkil etib, soha olimlari, taniqli namoyandalar, davlat arboblari bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari oʻtkazish, har oyda bir marta “Maʼnaviyat soati”ni tashkil etish, kutubxona faoliyatini bugungi kun talablariga moslashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Institut binosidagi rus tilida yozilgan peshtaxtalar, yozuvlarni davlat tiliga oʻzgartirish koʻrsatib oʻtildi.

Bundan tashqari, institut Ilmiy kengashi faoliyatini yana-da jadallashtirish, Kengash aʼzoligiga olimlar, tajribali mutaxassislarni ham jalb etish, oʻtkazilayotgan amaliy, innovatsion loyihalar tanlovlarida faol qatnashish boʻyicha tavsiyalar berildi. Xususan, jamoada faoliyat yuritayotgan yoshlar Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari Agentligi tomonidan oʻtkaziladigan turli ilmiy va innovatsion, startap loyihalari tanlovlarida faol ishtirok etishlari, Yoshlar akademiyasiga aʼzo boʻlib, akademiya tomonidan tashkil qilinadigan tanlovlarda qatnashishlari, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanish uchun oʻz yoʻnalishlari boʻyicha jahon tajribasini oʻrganishlari va tahlili natijalari boʻyicha ilmiy maqolalar nashr qilishlari boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.