Mamlakatimizda milliy mahsulotlarning sifatini oshirish va sanoat korxonalariga koʻmak berish orqali ularning faoliyatlarini rivojlantirish davr talabiga aylanib bormoqda.

Qadim va navqiron Buxoro zaminida qurilish materiallari, neft va gaz sanoati, yengil sanoat tarmogʻi, qorakoʻlchilik, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish va boshqa sohalarga ixtisoslashgan yirik korxonalar ishtirokida boʻlib oʻtgan “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” juda katta ahamiyat kasb etdi.

Mazkur nufuzli tadbirda “Oʻzstandart” agentligi va tizim tashkilotlari faol qatnashib koʻrsatiladigan xizmatlar namoyishi tashkil etildi.

Pavilyonda 35 turdan koʻp zamonaviy, bugungi kun talabiga javob beradigan yuqori aniqlikdagi namunaviy laboratoriya oʻlchash vositalari keltirilgan boʻlib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislardan tegishli javoblarni olishdi va shu yerning oʻzida sinovlarni oʻtkazish boʻyicha bir qator shartnomalar imzolandi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining Buxoro filiali oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, talabalarning amaliyotlari bir vaqtning oʻzida oʻqishdan uzilmagan holda korxona bilan hamkorlikda olib boriladi.

“Metrologiya va standartlashtirish” kafedrasida ishlab chiqarish va taʼlim sohasini rivojlantirishdagi qoʻshgan hissasi, “Butunjahon metrologiya kuni” munosabati bilan joriy yilning 20-may kunida talabalar oʻrtasida oʻtkazilgan “Oʻlchashlarda aniqlikni taʼminlash” tanlovini tashkil etishdagi faolligi, hamda ishlab chiqarish va taʼlim integratsiyasi takomillashuvidagi fidokorona mehnati uchun dotsent Avliyakulov Nodir Nizomovichga Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi oʻz minnatdorchiligini bildirib rahbariyat tomonidan imzolangan faxriy yorliqni shunday ajoyib kunda topshirishni lozim topdi.

Koʻrgazma oʻz nihoyasiga yetgan boʻlsada, uning shukuhi va taʼsurotlari va kelgusidagi vazifalarimiz yuzasidan katta taʼsurotlarga ega boʻldik.

Ulugʻbek Bozorov

Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Buxoro filiali rahbari