“Oʻzstandart” agentligi masʼul xodimlari Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining Bekobod va Olmaliq filiallarida oʻrganishlar olib borishdi. Bekobod filialida davlat tilida ish yuritish, lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich oʻtish, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot va kutubxonalar ishlarini yuritilishi boʻyicha qator ishlar amalga oshirilganligi, kutubxona tashkil etilgan. Shu bilan birga, maʼnaviyat xonasini toʻliq jihozlash, ishlarni yana-da samaraliroq amalga oshirish yoʻllari boʻyicha tavsiyalar berildi.
Bekobod tumani filialida “ustoz-shogird” tizimini amalga tatbiq qilish maqsadida soha yoʻnalishlaridagi kasb-hunar kolleji bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda malakali metrolog ustozlar shogirdlariga soha amaliyotidagi sirlarni oʻrgatish bilan bir qatorda kasb odobi, sohaga doir atamalar qolaversa, insoniy fazilatlar haqida ham tushunchalar berishadi. Albatta oʻquv yurtini bitirib, endigina amaliyotga qadam qoʻygan yosh mutaxassislarga ustozlardan berilayotgan bu darslarning foydali jihati koʻp.
Olmaliq filialida mazkur yoʻnalishda olib borilgan ishlar oʻrganilganda maʼnaviy – maʼrifiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, kutubxona faoliyatini yana-da yaxshilash kerakligi koʻzga tashlandi. Shuningdek, bu yerda xodimlar ishlarini yana-da samaraliroq tashkil etish va oʻzbek tili nufuzini oshirishga hissa qoʻshish uchun lozim boʻlganda til oʻrgatish kurslari bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.
Har ikkala filialda barcha tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklama va boshqa koʻrgazmali axborot–reklama matnlari davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun hujjatlariga muvofiq. Laboratoriya asbob-uskunalaridagi rus tilida yozilgan annotatsiyalar joyida oʻzbek tiliga oʻzgartirildi.