Ilmiy davriy nashrlarning sifatini yaxshilash, ularni xalqaro meʼyorlar darajasiga olib chiqilishi, ilmiy izlanuvchilar uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratilishiga, mamlakat ilmiy salohiyatining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Hozirgi davrda ilmiy noshirlik ishlarining xalqaro maʼlumotlar bazalarida koʻpayishi jahon bozorida jadal rivojlanayotgan sogʻlom raqobatni yuzaga keltiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6097-sonli “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan, mahalliy jurnallarni Scopus, Web of Science kabi umumeʼtirof etilgan maʼlumotlar bazalariga kiritishga koʻmaklashish maqsadida, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu xorijiy ekspertlar ishtirokidagi davra suhbatida ilmiy davriy nashrlarning sifatini yaxshilash hamda 2021-2023-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasiga asosan mahalliy olimlarning ilmiy natijalarini ilmiy-texnik axborotning xalqaro bazalarida targʻib qilish, ilmiy jurnallarning tahririyatlari va xodimlari uchun tadbirlar oʻtkazish, shuningdek, ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”ga asosan belgilab olingan vazifalar boʻyicha munozara olib borildi.
Davra suhbatida xorijiy ekspertlardan “Springer Nature” nashriyoti menejeri Djeffrey Robens, Springer Nature nashriyotining Strategik hamkorlik boʻyicha menejeri Elizabet Detisova Ringuer, Rossiya ilmiy elektron kutubxonasining “eLibrary.Ru” tahliliy boʻlimi boshligʻi Pavel Arefev, Clarivate kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi rasmiy vakili Lyaziza Mukasheva, John Wiley & Sons, Rossii va MDH davlatlarining hududiy rasmiy vakili Sergey Paramonovlar ishtirok etdilar.
Tadbirda vazirlik va idoralar, respublikadagi mavjud ilmiy nashriyot hamda OTM, ITM masʼul xodimlari qatorida, “Oʻzstandart” agentligining “Standart” jurnali masʼul vakillari ham ishtirok etdilar.