Hammamizga maʼlumki, kundalik hayotda foydalanilayotgan hisoblagichlar yuzasidan taʼminotchi va xonadon egalari orasida baʼzan savollar va munozarali holatlarga duch kelinadi. Aslini olganda bu savol va munozaralarga oʻrin yoʻq. Negaki hukumat tomonidan bu masalalar tegishli qaror asosida tartibga solingan.
Bu masalalarda siz bilishingiz kerak boʻlgan muhim maʼlumotlardan biri qiyoslashdan oʻtkazilgan va foydalanilayotgan hisoblagichlarni qiyoslashlararo davriyligi 2019-yil 1-noyabrdan jismoniy shaxslar uchun 8 yil, yuridik shaxslar uchun esa 4 yil etib belgilangan. Unutmang, hisoblagichlarga 2019-yil 1-noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati oʻz kuchida qoladi .
Endilikda xonadon egasi uydagi hisoblagichlarni yechib olish, qiyoslashga taqdim etish va qayta oʻz oʻrniga oʻrnatish tashvishidan butunlay ozod qilingan. Barcha harakatlar uy egasining birgina murojaati va belgilangan toʻlovi asosida taʼminotchi korxonalar (elektr energiya boʻyicha — Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, tabiiy gaz boʻyicha — Hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari, suv boʻyicha — Ichimlik va issiq suv taʼminotchi korxonalar) xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-avgustda qabul qilingan 698-son qaroriga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarni yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu qarorda barcha hisoblagichlar Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti (OʻzMMI) tomonidan qiyoslashdan oʻtkazilish belgilangan.
Hisoblagichlarni qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olish va qiyoslash ishlari yakunlangandan soʻng joyiga oʻrnatish ishlari faqatgina taʼminotchi korxonalar tomonidan isteʼmolchi bilan kelishilgan vaqtda, uning ishtirokida tegishli dalolatnoma tuzgan holda bajariladi.
Hozirda OʻzMMIda murojaatlar bilan ishlash uchun metrologiya.nim.uz dasturiy taʼminoti yaratilgan va dasturiy taʼminot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan boʻlib, ushbu tizimidan murojaatlar kelib tushmoqda. Qiyoslash uchun ariza bergan kishi oʻzinig maxsus ID raqami orqali metrologik xizmat koʻrsatish ishlari qaysi holatdaligi yoki xulosasini yuklab olishi mumkin.
Yangi dasturiy taʼminot yordamida hisoblagichlar uchun rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomalar elektron shaklda bazada saqlangan holda rasmiylashtirilmoqda.Bu esa oʻz navbatida aholi uchun qulaylik boʻlib rasmiylashtirilgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani soxtalashtirishni oldini olish, rasmiylashtirilgan yoki yoʻqolgan guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnomani istalgan vaqtda internet yordamida bazadan yuklab olish imkoniyatlarini beradi.
Hisoblagichlarni qiyoslovdan oʻtkazilgandan soʻng rasmiylashtirilgan elektron shakldagi guvohnoma (sertifikat) yoki xabarnoma asliga toʻgʻriligini tekshirish va ishonch hosil qilish uchun maxsus QR-kod tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Maxsus QR-koddan foydalanish uchun isteʼmolchi oʻz telefoni yordamida QR-kodni skanerlasa kifoya.
Eslatib oʻtamiz, hisoblagich nosoz holatda boʻlsa uni taʼmirlash yoki yangisiga almashtirish, taʼminotchi korxona zimmasiga yuklatilgan. Bunda taʼminotchi korxona hisoblagichni taʼmirlash yoki yangisiga almashtirishni talab qilishga haqlisiz.
Qarorga muvofiq taʼminotchi hisoblagichni yechib olgandan soʻng oʻn besh ish kundan ortmagan vaqt mobaynida barcha ishlarni yakunlab qayta oʻrnatishi shart.