Angren shahridagi Birinchi rezinotexnika zavodi mahsulotlarini davlat standartlari, xalqaro ISO va ASTM (AQSH) standart talablari asosida ishlab chiqarishni tashkil etish belgilangan.

Korxona sinov laboratoriyasi ISO 17025 standarti talablari asosida akkreditatsiyadan oʻtkazilgan. Shuningdek, korxonada ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, ECE 54, ECE 106, ECE 117 xalqaro standartlar talablarini joriy etilganligini tasdiqlovchi sertifikatlari mavjud.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan shina mahsulotlari 2018-yili Germaniyaning TUV Rheinland kompaniyasi va 2019-yili Chexiyaning rezina sinovi institutlarida sinovlaridan oʻtkazilgan.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari respublika hududiga import qilinayotgan mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Masalan, 2019-yili oʻtkazilgan oʻrganish natijasida avtomobil shinasi 175/65 R14 “Tunga Zodiak 2, SP-7 86T” (CORDIANT, Rossiya) shinaning tezlikka va bosimga chidamliligi hamda 235/55 R17, 175/70 R13 “CATCHFORS PCR” (QINGDAO WINDFORCE TYRE CO.LIMITED, Xitoy) yon devorlarining deformatsiyasi boʻyicha sifatsiziligi aniqlangan.

«Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJ rasmiy sayti maʼlumotlariga asosan korxona tomonidan 2021-yilda Rossiya va Ozarbayjon davlatlaridagi kompaniyalarga avtomobil shinalari eksporti rejalashtirilganligi mahsulot sifati oshirishga doimiy undaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib isteʼmolchilarga maʼlum qilamizki respublika hududida rasmiy sotuvdagi shina mahsulotlarning sifati monitoringi yoʻlga qoʻyilganligi va sifat nazorati bilan bogʻliq masalalar doimiy ravishda takomillashtirilmoqda.

“Oʻzstandart” agentligi matbuot xizmati