“Innoprom. Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida Rossiya Federatsiyasining “Rosstandart” federal agentligi rahbari Shalayev Anton Pavlovich boshchiligidagi delegatsiya “Oʻzstandart” agentligida boʻldi.
Uchrashuv chogʻida sohalar yoʻnalishidagi hamkorlikni kengaytirish borasida birgalikda olib borilayotgan ishlarning istiqbollari va holati koʻrib chiqildi.
Delegatsiya vakillari Agentlikda texnik jixatdan tartibga solish, metrologiya, standartlashtirish, va kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, zamonaviy sinov laboratoriyalar bilan tanishib, bu yoʻnalishlar izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Oʻzaro ishonch va anglashuv asosidagi davlatlararo amaliy muloqot mustahkamlanib borayotgani mamlakatlarimizni barqaror rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yoʻlida saʼy-harakatlarni birlashtirish imkonini berayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga standartlashtirish sohasida milliy qonunchilikni xalqaro meʼyorlar bilan uygʻunlashtirish, ikki mamlakat oʻrtasida eksport-import qilinadigan mahsulotlar sinovlarini oʻtkazish amaliyotini kengaytirish, kadrlar tayyorlash, ekspertlarni jalb etish, texnik jihatdan tartibga solishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
“Oʻzstandart” agentligi
Xalqaro xamkorlik boshqarmasi