“Yuksalish” harakatida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori Dilshod Sattarov mamlakatimizda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari soni koʻpayib borayotgani, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishda sifat talablari taʼminlanayotgani, yaratilgan imkoniyatdan foydalangan holda qurilish mahsulotlarining sifati standart talablariga javob berayotgani yuzasidan maʼlumot berdi.

Shu bilan birga, ayrim ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulot ishlab chiqarishda hali sifatga erisholmayotgani, ularda zamonaviy laboratoriyalarni barpo etishga ehtiyoji borligi, bu jarayonda Agentlik «korxonabay» ishlash tizimida korxonalar bilan tizimli ishlab, natijadorlikka erishishini taʼkidladi. Shuningdek, Agentlik Bosh direktori Qurilish vazirligi va Qurilish materiallari uyushmasi bilan Gazoblok ishlab chiqarishda 24 ta loyiha asosidagi hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilganligini aytib oʻtdi.

Agentlik tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida korxonalarda ishlab chiqarilayotgan gazobeton mahsulotlarini sifati oʻrganilgani va akkreditlangan sinov laboratoriyasida sinovdan oʻtkazilganda 11 ta korxonada ishlab chiqarilgan gazobeton mahsuloti belgilangan standart talabiga javob bermaganligini maʼlum qilindi.

Uchrashuvda Agentlik Bosh direktori Xalqparvar komissiyasi hamkorligi asosida qurilish obyektlarida oʻrganishlarning olib borilishi bevosita ishlab chiqarish va qurilish obyektlarida sifatni taʼminlashga hamda jamoat nazoratining yoʻlga qoʻyilishi natijasida qurilishlarda sifatsiz mahsulotlar ishlatilishining oldini olishga yordam berishini taʼkidladi.

“Masalan oʻtgan uch oyda 30 ta holatda qurilishga sifatsiz mahsulot yetkazilishining oldi olingani, va hozirda «Shaffof qurilish” elektron tizimiga kiritib borilayotgan ijobiy natija berayotgani, bunday holat esa juda katta yaxshilik tomonga qoʻyilgan qadam»- dedi Agentlik Bosh direktori Dilshod Sattarov.

Shu oʻrinda, Agentlik matbuot xizmati ayrim ijtimoiy tarmoqlardan “Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori D.Sattarovning chiqishlarini yoritishda har tomonlama xolislik tamoyillariga amal qilishlarini soʻraydi.