Oʻzbekiston milliy matbuot markazida “Metrologiya sohasida innovatsion loyihalar va xalqaro hamkorlik” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish, ularni xalqaro darajada solishtirish va metrologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotgani hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda metrologiya sohasiga doir ilmiy loyihalarga davlat grantlarini ajratish kabi masalalari yuzasidan maʼlumot berildi.
Maʼlumot uchun, joriy yilning oʻtgan davrida institut tomonidan 87 366 dona oʻlchash vositalari metrologik tekshiruvdan oʻtkazildi. Koʻrsatilgan metrologik xizmatlardan 83 467 dona qiyoslash, 2 865 dona attestatsiya va 1 034 dona kalibrlash ishlarini tashkil etadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning 28 473 ta murojaatlariga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini qiyoslash ishlari amalga oshirildi.