Respublikamizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshligʻi, “Oʻzstandart” agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nargiza Zufarova masʼulligida va agentlikning tegishli mutaxassislari ishtirokida Butun jahon savdo tashkiloti ekspertlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Bu jarayonda texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi qirralari va Xalqaro savdo markazining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonning BSTga aʼzo boʻlishiga koʻmaklashish” loyihasini samarali amalga oshirish uchun onlayn uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida BST asosiy koʻp tomonlama kelishuvlari, shu jumladan BST ning savdodagi texnik toʻsiqlar boʻyicha Kelishuvlari hamda sanitariya va fitosanitariya choralari meʼyor va talablarini tushuntirish boʻyicha qator seminar va treninglar boʻlib oʻtgan.
Xalqaro ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohalarini tartibga soluvchi amaldagi qonunlari dastlabki tarzda tahlil qilingan. Tahlillar natijasi boʻyicha ularni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish boʻyicha milliy sifat infratuzilmasini xalqaro meʼyor va talablarga muvofiqlashtirishga qaratilgan tavsiyalar bildirilgan.
Uchrashuv davomida birgalikdagi faoliyatning keyingi ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Xususan, joriy yilning 9-10-mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli idoralari uchun milliy texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirishda birinchi navbatda zarur boʻladigan choralar muhokamasiga bagʻishlab seminar oʻtkazishga kelishib olindi.
Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”, “Standartlashtirish toʻgʻrisida” “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida” va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlarining yangi tahririni ishlab chiqish doirasida yangi qonun loyihalari va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va koʻrib chiqishda bundan keyin ham tizimli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Xalqaro savdo markazi vakillari tomonidan yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishda har tomonlama yordam koʻrsatish hamda texnik jihatdan tartibga solish tizimini yangilash jarayoniga xalqaro ekspertlarni jalb qilish uchun mazkur sohalarda ish tajribasiga ega boʻlgan vakolatli milliy ekspertlarni jalb qilish boshlangani bildirildi.
Investitsiya va tashqi savdo vazirligida “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda texnik jihatdan tartibga solish va muvofiqlikni baholash sohalarida qonunchilikni xalqaro meʼyor va qoidalarga muvofiqlashtirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.