Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilgan qadoqlangan ichimlik suvi ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va yoʻq qilish, tamgʻalash va saqlashga majburiy talablarni belgilash maqsadida qabul qilingan.

Texnik reglament kuchga kiritilish bilan, uning talablariga rioya etilishi taʼminlanadigan standartlashtirishga doir 6 ta normativ hujjatlar hamda mazkur texnik reglament bilan tartibga solinuvchi mahsulotlarning namunalarini olish, sinov va oʻlchov usullarini belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi 86 ta normativ hujjatlar roʻyxati shakllantirildi.

Ichimlik suvi muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlganda, shuningdek muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan milliy muvofiqlik belgisi bilan belgilangan holda Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida muomalaga chiqariladi.

Shuningdek texnik reglamentda tabiiy ichimlik suvida, tozalangan ichimlik suvida, bolalar ovqatlari uchun ichimlik suvida hamda sunʼiy minerallashgan ichimlik suvlaridagi ayrim tabiiy va sunʼiy radionuklidlar darajasi belgilangan.

Mazkur texnik reglament talablariga rioya etilishi boʻyicha Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, shuningdek oʻz vakolatlari doirasidagi boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan davlat nazorati oʻtkaziladi.