O‘zbekiston Milliy axborot agentligining “Yil tanlovi”da “O‘zstandart” agentligi “O‘zbekiston milliy axborot agentligining eng yaqin hamkori” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Ma’lumki, bugungi kunda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan kechirmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yurtimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirdi. Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti hamda qariyb 8 million fuqaroga 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.
”O‘zstandart” agentligi ham bu jarayonda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligini ta’minlash, tadbirkorlar va ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat mahsulotlari sinovlarini takomillashtirish kabi sohalarda to‘laqonli faoliyat olib bormoqda.
Xususan, Standartlashtirish sohasida 2020 yilning o‘tgan davrida 5893 ta yangi xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan standartlar qabul qilindi. Shu bilan birga tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida, bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan va ma’nan eskirgan 5981 ta standartlar amaliyotdan chiqarildi va 3736 ta standartlar qayta ko‘rib chiqildi.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida texnik reglamentlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy qilish maqsadida 2020 yilda 4 ta umumiy va 4 ta maxsus texnik reglamentlar qabul qilindi. Jami texnik reglamentlar soni 48 tani tashkil etmoqda.
Yevropa Standartlashtirish Tashkiloti bilan hamkorlik bitimi imzolandi. Natijada Yevropa standartlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyati yaratildi. Bitim doirasida, Yevropa Standartlashtirish Tashkilotidan 254 ta Yevropa standartlari olindi va 600 ta qo‘shimcha standartiga ariza berildi.
Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasining “Sheriklik plyus dasturi” a’zoligiga erishilib, natijada elektrotexnika sohalariga oid 400 ta bepul xalqaro standartlar olish imkoni yaratildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 397 ta Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasining standartlari taqdim qilindi.
Indoneziya davlatining Milliy standartlashtirish tashkiloti va “O‘zstandart” agentligi o‘rtasida mahsulotlarning muvofiqligini baholash, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan ko‘maklashish sohalarida Bitim imzolandi. ISO xalqaro tashkilotida O‘zbekistonda sifat tizimlari bo‘yicha xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalar soni 56 taga oshirildi.
Sayyora Shoyeva, Oqil G‘ulomov(surat), O‘zA