2020-yil dunyo hamjamiyati va yurtimiz hayotida ijobiy oʻzgarishlar bilan birga, insoniyatni katta sinovlardan oʻtkazdi. Global pandemiya sharoiti qanchalik ogʻir va mashaqqatli boʻlmasin, birdamlik, hamjihatlik, aql va idrok bilan yashab, mehnat qilish toʻgʻri yoʻl ekanligini koʻrsatdi.

Muhtaram Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan murakkab jarayonlarda koʻrilgan aniq chora-tadbirlar natijasida xalqimiz uchun tibbiy himoya vositalari va boshqa amaliy yordamlar koʻrsatildi.

Ayni shunday sharoitda “Oʻzstandart” agentligi va tizim-tashkilotlari, hududiy boʻlinmalari tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarga yaqin yelkadosh boʻlib, faoliyatlarini davom ettirdilar.

Karantin davrida muvofiqlikni baholash, milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, xalqaro standartlarni qabul qilish, eksport imkoniyatlarini oshirish, sifat milliy infratuzilmasini shakllantirishda hamjihatlikdagi harakatlarimiz amalga oshirildi.

Kuni kecha Muhtaram Prezidentimizning Oliy majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomalarida yangi yilda iqtisodiyotimizni yana-da rivojlantirishda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirishning aynan iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilishi bizning oldimizga ustuvor vazifa sifatida qoʻyildi.

Albatta 2021-yilda barchamiz birdamlik va hamjihatlikda bunday vazifalarning ijrosini taʼminlashimiz lozim.

Fursatdan foydalangan holda barchangizga mustahkam sogʻlik-salomatlik, xonadoningizga fayzu baraka tilaymiz. Yangi yilda qilingan barcha orzu-umidlaringiz roʻyobga chiqishiga tilakdoshmiz.

Yangi yilingiz muborak boʻlsin!

Hurmat bilan,

“Oʻzstandart” agentligi

Bosh direktori D. Sattarov