Hech kimga sir emas, hozirgi kuchli raqobat sharoitida xorijiy bozordan mustahkam joy egallash oson emas. Ayniqsa, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar uchun.
Elektrotexnika sanoati korxonalarda zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etishda koʻmaklashish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda tashqi bozorlarda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etish, shuningdek SOVID 19 pandemiyasi davrida mahalliy elektrotexnika sanoati korxonalarini qoʻllab quvvatlash maqsadida, joriy yilning 24-dekabr kuni, “Oʻzstandart” agentligi tomonidan Latviyaning SAI “Baltic CG” ekspert guruhi vakili Yevgeniy Kostyuchenko ishtirokida “SE Markirovkasi va Yevropada mahsulotlar importiga qoʻyilgan talablar” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.
Tadbirda «Oʻzeltexsanoat» uyushmasi, uyushma tarkibidagi “Procab” QK MCHJ,
“Lider Cabel Group” MCHJ, “Dupond Group” QK MCHJ, “National Holdings” MCHJ, “Uni Impex” MCHJ, “Grand Tehnolog” QK MCHJ, “Techno Cable Group” QK MCHJ
va “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasi masʼul xodimlari ishtirok etdi.
SAI “Baltic CG” ekspert guruhi vakili Yevgeniy Kostyuchenko tomonidan ishtirokchilarga kabel mahsulotlari uchun SE Markirovkasi, Yevropa davlatlarida mahsulotlar importiga qoʻyilgan talablar, sinov va sertifikatlashtirish jarayonlari tushuntirildi.
Shu bilan birga Yevropa bozorida elektrtexnika maxsulotlariga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borayotganligi sababli SE Markirovkasiga alohida eʼtibor berilayotganligini taʼkidlab oʻtildi.
SAI “Baltic CG” ekspert guruhi vakili Yevgeniy Kostyuchenko tomonidan elektrotexnika sanoati korxonalari va ishtirokchilarning qiziqtirgan barcha savollariga toʻlaqonli javob berildi. Tadbir yakuniga koʻra, koronavirus pandemiyasi salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida ushbu turdagi onlayn oʻquv seminarlarni doimiy tashkil etib borishga kelishib olindi.