Oʻzbekiston milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada eʼtirof etilib, Akkreditatsiya markazi Xalqaro akkreditatsiya forumi (International Accreditation Forum – IAF/IAF) aʼzosi maqomiga ega boʻldi.

Xalqaro akkreditatsiya forumi Boshqaruv kengashining 2020-yil 8-dekabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston nomidan Akkreditatsiya markazi ushbu nufuzli xalqaro tashkilot aʼzoligiga qabul qilindi.

Markaz oʻz navbatida Milliy akkreditatsiya tizimni ISO/IEC xalqaro standartlari talablariga hamda Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) tomonidan qabul qilingan tamoyillarga asoslanganligi namoyish qilishga muvaffaq boʻldi.

Xalqaro akkreditatsiya forumiga aʼzolik natijasida, yurtimizda muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiyadan oʻtkazuvchi vakolatli idorani akkreditatsiya idorasi sifatida xalqaro miqyosda qabul qilinishi, milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro standartlar va mezonlarga muvofiq shakllanganligi, Xalqaro akkreditatsiya forumi IAF MLA imzolovchisi boʻlish uchun dastlabki talabni bajarganligi hamda xalqaro miqyosdagi akkreditatsiya sohasidagi tadbirlarida va ixtisoslashgan texnik qoʻmitalar faoliyatida ishtirok etishini taʼminlaydi.

Shuningdek, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf qilishga qaratilgan xalqaro hamjihatlikning mezonlari, tartiblari va muvofiqlikni baholash natijalarini oʻzaro tan olinishi masalalari yuzasidan Oʻzbekiston manfaatlarini ilgari surish imkoniyatlar yaratildi.

Xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan akkreditatsiya faoliyati – ichki va tashqi bozor munosabatlarining rivojlanishiga, Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirishga, isteʼmol qilayotgan mahsulotlarimizning xavfsiz va yuqori sifatli ekanligiga ishonch qozonishda va xalqaro bozorda oʻzbek brendi oʻz oʻrnini egallashida muhim ahamiyatga ega.

Akkreditatsiya markazi yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, muvofiqlikni baholash idoralari kompetentligini baholash ishlari olib bormoqda. Manfaatdor tomonlar uchun Markaz faoliyati, akkreditatsiya jarayoni va muvofiqlikni baholash idoralari toʻgʻrisidagi zarur axborotni www.akkred.uz rasmiy veb sayti orqali erkin olish imkoniyati yaratilgan.