Standartlar instituti tomonidan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va birgalikda ilmiy izlanishlarni olib borish ishlariga eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, Guliston davlat universitetida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham asosiy eʼtibor Universitet qoshidagi Jahon banki va Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ) grantlari asosida barpo etilgan “Eksperimental biologiya” laboratoriyasi bazasida poliz ekinlari, asal, qizilmiya, kovul, quruq mevalar singari mahsulotlarga xalqaro standartlar loyihalarini ishlab chiqishda zarur boʻlgan ilmiy izlanishlar va tahlillarni oʻtkazishga qaratildi.
Shuningdek, 2021-yildan boshlab, Sirdaryo viloyatidagi sanoat korxonalari hamda tadbirkorlarga qulaylik yaratish, ilm bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash maqsadida universitet bazasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish va tadqiqot markazi platformasini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Bundan tashqari kelishuvga koʻra oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlari, sanoat mahsulotlari, tuproq, oʻsimlik, genetik tahlil va GMO yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqib izlanishlar va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, xalqaro standartlar talabi boʻyicha davlat standartlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq qilish maqsad qilib olindi. Shu bilan birga grant loyihalari ustida ishlar olib boriladi.