“Oʻzstandart” agentligi tizimidagi “Uz Test” Markazi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamkorligida uskunalarni xarid qilish yuzasidan tender jarayonlari amalga oshirilib, Markaz va uning hududiy filiallaridagi jami 8 ta laboratoriyalar uchun 9,5 mln. dollarlik zamonaviy sinov uskunalarini xarid qilish yuzasidan Germaniyaning “LMS Consult GMBH & CO. KG” kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi.

Germaniyadan ilk laboratoriya uskunalari, mebellar hamda maxsus avtotransport vositalari yurtimizga olib kelindi.

Hozirda Toshkent shaharidagi laboratoriyasiga maxsus mebellar toʻliq oʻrnatildi hamda Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Xorazm hududiy laboratoriyalariga oʻrnatish jarayonlari davom ettirilmoqda.

Loyihaga asosan, “UzTest” Markazi qoshidagi laboratoriyalariga 337 dona zamonaviy laboratoriya uskunalari, yordamchi vosita (kimyoviy reaktiv, standart namuna)lar xarid qilinadi.

Buning natijasida, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini toʻliq aniqlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, Buxoro va Namangan filiallari qoshida yangi yoʻnalishda (GMOni aniqlash) laboratoriyalari tashkil etiladi hamda sinov laboratoriyalari tomonidan rasmiylashtirilayotgan xulosalar xalqaro darajada tan olinadi.

 

 

 

 

Aqilbek Mustafoyev
“Oʻzstandart” agentligi qoshidagi “Uz Test” Markaz direktori