“Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganligiga 29 yil toʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrogʻi - mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzida mustaqil Oʻzbekiston davlati borligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi.
Milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida yuksaklarda hilpirab turishi barchamizga iftixor baxsh etadi.
Bayroq vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettiradi. Dunyoning qaysi nuqtasida boʻlmaylik, bayrogʻimiz timsolida Oʻzbekiston degan himoyachimiz, suyanchigʻimiz borligini his qilamiz.