Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, ijtimoiy obyektlarni qurish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida yurtimizning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Maʼlumki, amaldagi qonunchilikka muvofiq fan va texnika taraqqiyoti darajasiga, shuningdek, aholi va milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirish, barcha turdagi resurslarni tejashga koʻmaklashish, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilash, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik dasturlar va loyihalarni amalga oshirish standartlashtirish maqsadlaridan biri hisoblanadi.

“Oʻzstandart” agentligi tomonidan respublikada amalda boʻlgan standartlarni yangi qabul qilingan standartlarga almashtirish orqali uygʻunlashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Chunonchi, joriy yilda respublikada MDH davlatlarining Davlatlararo standartlashtirish kengashi doirasida qabul qilingan 3,9 mingdan ortiq davlatlararo standartlari qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4812-son Qaroriga muvofiq, ichki mahsulotlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligiga toʻsqinlik qiladigan eskirgan normalarni chiqarish maqsadida, “Oʻzstandart” agentligi tomonidan “tartibga soluvchi gilyotina” usulida 5236 ta standartlarning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tegishli maʼlumotlar “Oʻzstandart” agentligining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan. Eʼtiboringizni, koʻrsatilgan standartlar 2021-yil apreldan iyun oyigacha amal qilishi toʻxtatilishi koʻzda tutilganligiga qaratamiz, yaʼni, qoʻshimcha tahlil qilish, standartlarni almashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlash va yakuniy qarorni qabul qilish uchun (6-9 oy) vaqt berilgan.

Hozirgi kunda koʻplab mamlakatlar, mahsulotlarga talablarni belgilaydigan standartlarning tahlilini aniqlash va ularning qaysi biri dolzarb boʻlib qolayotganini va qaysi biri oʻz ahamiyatini yoʻqotganligini aniqlash maqsadida "tartibga soluvchi gilyotina" usulini tobora koʻproq qoʻllashmoqda.

Tegishli ishlab chiqarish sohalari, standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalar tomonidan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ehtiyoj boʻlmagan standartlar eskirgan va zarur boʻlmagan deb hisoblanadi.

Sanoat tarmoqlari tomonidan respublikada tugatilishi taklif etilgan standartlarning  dolzarbligi va uning qoʻllanilishi boʻyicha takliflar bildirilganda mazkur standartlar oʻrniga tegishli xalqaro, mintaqaviy standartlarning mavjudligi tahlil qilinadi.

Xalqaro (mintaqaviy) standartlar boʻlmagan taqdirda, respublika hududida amal qilish muddati toʻxtatilishi taklif qilingan standartlarni amal qilish muddatini tiklash boʻyicha choralar koʻriladi.

“Oʻzstandart” agentligi standartlashtirish masalalari boʻyicha hamkorlikka ochiqligi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga standartlashtirish masalalari boʻyicha har tomonlama yordam berishga tayyorligini maʼlum qiladi.

“Oʻzstandart” agentligi tomonidan qoʻshimcha ravishda murojaatlarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan kengroq va tahliliy maʼlumotlar taqdim etiladi.