“Oʻzstandart” agentligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqda standartlarning oʻzbek tiliga tarjima qilinmayotgani va bu sohadagi masalalar yuzasidan munosabat bildiradi.
Avvalo, agentlik faoliyati hamda standartlar masalasiga boʻlgan eʼtibor uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Soʻnggi 2-3 yil davomida Oʻzbekistonda standartlarning davlat tilida qabul qilinishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu koʻrsatkich bugungi kunda 12 mingtaga yetdi.
Shuningdek, agentlik tomonidan xalqaro standartlashtirish tashkilotlari tomonidan qabul qilingan va ishlatilayotgan standartlarni amalga kiritish ishlari olib borilmoqda. Oxirgi uch yil ichida 8 mingta xalqaro standartlarning 5 mingga yaqini davlat tiliga tarjima qilindi.
2020-yilda qabul qilingan xalqaro darajadagi 5800 tadan ortiq standartlarning 2470 tasi davlat tiliga tarjima qilindi. Qolgan 3 mingdan ortiq standartlarni davlat tiliga tarjima qilingan loyihalari vazirlik va idoralar huzuridagi texnik qoʻmitalar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Chunki, standartlarni davlat tiliga tarjima qilish jarayoni murakkab va chuqur malaka hamda bilimni talab qiladi.
Shuningdek, korxonalar tomonidan oʻz mahsulotlarini eksport qilish davrida standartlarni asl tilida qabul qilingan va rus yoki ingliz tilidagi matnlariga ham ehtiyoj mavjud.
Sohada oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillar natijasida hozirgi zamon talablariga javob bermayotgan, maʼnan eskirgan 1995-yilgacha boʻlgan 5200 ta davlatlararo standartlarning bekor qilinishi va ularning oʻrniga zamonaviy xalqaro standartlarning qabul qilinishi sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarning ishlab chiqarilishiga zamin yaratadi.
Munosabatda bildirilgan elektron doʻkon tashkil qilish orqali standartlar bilan taʼminlash tizimi yuzasidan agentlik davlat standartlarini elektron doʻkon orqali emas, balki oʻz sayti orqali bepul yetkazib berish imkoniyati yaratilganligini maʼlum qiladi.
“Oʻzstandart” agentligining faoliyatiga, uning veb-saytida joylashtirilayotgan yangiliklar va standartlarga ijtimoiy tarmoqlar tomonidan boʻlayotgan eʼtibor agentlikning bu sohada olib borayotgan ishlarining toʻgʻri yoʻnalishda tashkil etilganligini koʻrsatib turibdi. Oʻz navbatida biz sifatga, standartlarga boʻlgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildiramiz.
“Oʻzstandart” agentligi matbuot xizmati