Yurtimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan. Zamonaviy va oʻziga xos uslubda qad rostlayotgan binolar shaharlar qiyofasiga oʻzgacha chiroy bagʻishlamoqda.
Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, qurilishda foydalanilayotgan materiallar, xususan metall (armatura) mahsulotlarining sifati va xavfsizligi belgilangan meʼyorlarga javob beradimi degan savol tugʻilishi tabiiy.
Qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga muvofiq xoʻjalik va sanoat obyektlari qurilishida xavfsizlikni taʼminlash, ularning qulashini oldini olish, qurilishda ishlatilayotgan metall mahsulotlarining sifatini, shuningdek, metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-fevraldagi 89-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Departament tomonidan Respublikamizning 100 ga yaqin metall mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarida oʻrganishlar tashkil etildi.
Shuningdek, xavf-tahlili asosida Andijon, Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida joylashgan metall mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 6 ta korxonada davlat nazorati tadbirlari oʻtkazildi. Natijada oʻrganilgan barcha korxonalarda normativ hujjatlarning talablarini buzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan nomuvofiqliklar boʻyicha ushbu 6 ta korxonalarga kamchiliklarni bartaraf etish, shundan 4 ta korxonaga aniqlangan sifatsiz mahsulotlarni realizatsiya qilinishini toʻxtatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Joriy yilning 15-oktyabr kuni “Oʻzstandart” agentligi tegishli tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositasi xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatidagi metall mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “SAMARQAND METALL PRODUCTION” korxonasi va qurilish obyektlarida qoʻllanilayotgan metall mahsulotlarining sifati boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.
“Samarqand metall production” korxonasida bugungi kunda 2 ta Xitoy davlatidan keltirilgan induksion pechlar oʻrnatilganligi, korxonada Agentlik huzuridagi Departament tomonidan Biznes ambudsman ruxsati bilan joriy yil iyul oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 7,1 tonna armatura mahsulotining sifati tekshirilib, mexanik va kimyoviy koʻrsatkichlari boʻyicha normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi, aniqlangan edi.. Xususan “Qurilishda qoʻllaniladigan, qora metalldan tayyorlangan metall mahsulotlari xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Maxsus texnik reglamenti talablariga nomuvofiqligi hamda, mahsulot sekrtifikatlashtirilmaganligi, mahsulotning davriy sinovlari oʻtkazilmasligi, saqlash sharoitlari nomuvofiqligi va qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilmagan oʻlchov vositalaridan foydalanilayotganligi aniqlangan.
Ushbu holat boʻyicha sifatsizligi aniqlangan 7,1 tonna armatura mahsulotini sotishni taʼqiqlash koʻrsatmasi berilgan. Bugungi kunda mazkur korxonada induksion pechlarda armatura mahsulotini ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Ishchi guruh tomonidan korxona rahbariga tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi. Boshqa turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam berishga tayyorligi taʼkidlandi.