Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

 

 

Iqtisodiyot sohalarida va aholi punktlarida hosil boʻladigan maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qoʻllaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, shuningdek, qulay investitsiya muhitini yaratish orqali ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

 

1. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat ekologiya qoʻmitasi), Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududlarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modelini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Bunda, davlat sherigi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat ekologiya qoʻmitasining hududiy organlari bilan xususiy sherik oʻrtasida tuziladigan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq:

a) davlat sherigi tomonidan:

maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun tegishli hududlar xususiy sherikka biriktirib beriladi;

davlat korxonalari hisobidagi chiqindi poligonlari chiqindilarni saralash va qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarni tatbiq etgan holda qoʻshimcha ravishda kapital qoʻyilmalar va investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan xususiy sherikka uzoq muddatga foydalanishga beriladi;

maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalari xususiy sherikka yetti yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan narxlarda sotiladi hamda loyiha yakuni boʻyicha toʻlovlar toʻliq toʻlab boʻlinganidan soʻng ularni tasarruf etish huquqi xususiy sherikka oʻtkaziladi;

b) xususiy sherik tomonidan quyidagi majburiyatlar olinadi:

oʻziga biriktirib berilgan hududda yashovchi aholining qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlash;

davlat-xususiy sheriklik bitimiga muvofiq investitsiyalar kiritish va sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;

maxsus avtotransport vositalari va texnikalari harakati hamda chiqindi poligonlarini real vaqt rejimida davlat sherigi tomonidan nazorat qilish imkonini yaratish;

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun jismoniy va yuridik shaxslardan tasdiqlangan narxlarda majburiy toʻlovlar yigʻilishini va ularning hisobini yuritish boʻyicha davlat sherigi tomonidan yaratilgan yagona elektron tizimga ulanilishini taʼminlash;

davlat-xususiy sheriklik bitimida belgilangan muddatlarda chiqindilarni saralash (qayta ishlash) texnologiyalarini oʻrnatib, ishga tushirish.

2. 2020-2021-yillarda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish sohasida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Davlat ekologiya qoʻmitasi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

a) quyidagilarga erishilishini taʼminlasin:

aholini maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan qamrab olish darajasini joriy yil yakuniga qadar 90 foizga, 2021-yil yakuniga qadar 100 foizga yetkazish;

qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini joriy yil yakuniga qadar 21,8 foizga, 2021-yil yakuniga qadar 36,5 foizga yetkazish;

 

maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 2022-yil yakuniga qadar
50 foizga yetkazish;

 

b) davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida maxsus avtotransport vositalari va texnikalarni sotishdan kelib tushadigan mablagʻlarning maxsus bank hisob raqamida jamlanishini taʼminlasin hamda ularni maxsus avtotransport vositalari va texnikalar parkini yangilashga, shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan davlat kafilligi ostida olinadigan kredit mablagʻlari boʻyicha majburiyatlarni soʻndirishga yoʻnaltirsin.

4. Belgilansinki 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

hududlarda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflari (xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan kelishilgan narxlarda amalga oshiriladigan alohida xizmatlar uchun toʻlovlar bundan mustasno) dastlab narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari xulosalari olinib, keyinchalik tegishligicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan maʼqullanganidan soʻng tasdiqlanadi;

maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga xizmat koʻrsatish uchun belgilangan tartibda biriktirib berilgan hududlarda ikkilamchi xom ashyoni (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) qabul qilish shoxobchalari orqali tayyorlash (sotib olish, qabul qilish) mazkur klasterlar tomonidan amalga oshiriladi (mazkur hududda qayta ishlovchi tashkilotlarning ikkilamchi xom ashyoni oʻzlariga tegishli shoxobchalar orqali sotib olishi yoki qabul qilishi bundan mustasno);

maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini koʻrsatish jarayonida, shuningdek, maishiy chiqindilarni toʻplash shoxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xom ashyoni maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roziligisiz ajratib olish va oʻzlashtirish taqiqlanadi;

maishiy chiqindilarni tashish, saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun tegishli texnologiya va quvvatlarga ega klasterlarning yangilanib boruvchi roʻyxati, shuningdek, ularga xizmat koʻrsatish uchun biriktirib berilgan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladi hamda uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

a) binolar va inshootlar, shu jumladan, yoʻllar va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash yoki buzish ishlarida (keyingi oʻrinlarda – qurilish ishlari) hosil boʻladigan qurilish chiqindilari birinchi navbatda takroriy foydalanish, qayta ishlashga yoki utilizatsiya qilishga yoʻnaltiriladi;

 

b) qurilish ishlari amalga oshirilayotgan obyekt joylashgan hududda (tuman yoki shahar) qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish
va qayta ishlash uchun tegishli texnologiya va quvvatlarga ega korxonalar mavjud boʻlmagan taqdirdagina ularni belgilangan tartibda chiqindi poligonlariga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi;

 

v) qurilish ishlari boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil boʻladigan qurilish chiqindilari hajmlarini va ularni toʻplash joylarini belgilash, shuningdek, ular bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha loyihaviy yechimlar nazarda tutiladi;

g) yangi quriladigan koʻp xonadonli uylar joylashishi rejalashtirilgan turar joy zonalarida:

maishiy chiqindilarni toʻplash shoxobchalarini tashkil etishga boʻlgan talab maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida mazkur hududga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashgan tashkilot bilan birgalikda oʻrganiladi va qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish (tanlash) materiallari, loyihaoldi va loyiha hujjatlarining atrof-muhitga taʼsirini baholash materiallarida nazarda tutiladi;

xonadonlar soni 300 tadan ortiq boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar maishiy chiqindilarni toʻplash shoxobchalari bilan taʼminlanmagan boʻlsa, foydalanishga qabul qilishga ruxsat berilmaydi;

d) qurilish ishlarini amalga oshirish natijasida hosil boʻlgan qurilish chiqindilarining mulkdori boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:

qurilish ishlari olib borilayotgan obyektlarda hosil boʻladigan chiqindilarni saralangan holda toʻplash va vaqtincha saqlash;

qurilish chiqindilarini ularni toʻplash, tashish, utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarga topshirish, realizatsiya qilish yoxud bu ishlarni oʻz kuchi bilan amalga oshirish;

qurilish chiqindilari poligonlarga joylashtiriladigan taqdirda chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar yoki chiqindi poligoniga ega boʻlgan tashkilotlar bilan tegishli shartnoma tuzish;

 

ye) qurilish chiqindilarini tashish bilan shugʻullanuvchi yuridik
yoki jismoniy shaxslar mazkur xizmatlarni koʻrsatishda ularning qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarga topshirish (realizatsiya qilish) yoxud chiqindi poligoniga joylashtirishni nazarda tutuvchi hujjatlarga ega boʻlishi lozim.

 

6. Quyidagilar:

2020-2021-yillarda mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan qurilish va maishiy chiqindi poligonlarini qurish hamda jihozlash boʻyicha manzilli dasturlar 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan 2020-2021-yillarda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida erishilishi taʼminlanadigan maqsadli indikatorlar 4.1-4.13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi
PQ-2916-son qarori bilan tashkil qilingan Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish boʻyicha Respublika komissiyasiga (Ramatov) mazkur bandda nazarda tutilgan manzilli dasturlarga va maqsadli indikatorlarga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.

 

7. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

aholi tomonidan Davlat ekologiya qoʻmitasining Internet tarmogʻidagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;

huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining oʻn besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;

 

huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisida yuborilgan fotosuratlar
va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Davlat ekologiya qoʻmitasining hududiy organlari soʻroviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;

 

huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

8. Davlat ekologiya qoʻmitasi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar barcha hududlardagi aholiga atrof-muhit, shu jumladan, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlar holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, bu boradagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega boʻlgan Internetdagi maxsus axborot tizimini yaratish hamda har bir xabar berilgan holat boʻyicha tezkor choralar koʻrish tizimining joriy qilinishini taʼminlasin;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda ekologik tarbiya va targʻibotni samarali tashkil etish hamda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilsin;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish holati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot-tahlil va media materiallarini tayyorlash, ekologik madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldini olish choralarini kuchaytirsin;

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirsin.

9. Davlat ekologiya qoʻmitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:

“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida zamonaviy koʻnikmalar asosida chiqindilarni qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi xodimlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va malakasini oshirishni hamda bu borada ishsiz fuqarolarning bandligini;

chiqindilarni qayta ishlash jarayoniga chet eldan yangi texnologiyalar jalb etilgan taqdirda, ulardan foydalanishga oʻrgatish boʻyicha “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlaridagi taʼlim jarayonlariga mazkur texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari yoki ulardan foydalanish koʻnikmalari mavjud boʻlgan yetuk xorijiy mutaxassislar, shu jumladan, videokonferensaloqa vositalari orqali jalb etilishini taʼminlab borsin.

10. Davlat ekologiya qoʻmitasi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida (keyingi oʻrinlarda – Markaz) maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻysin.

Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvarga qadar maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan xususiy tashkilotlar mutaxassislarini Markazda qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarining 50 foizi Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Oʻzavtosanoat” AK bilan birgalikda uch oy muddatda respublikada ishlab chiqarilayotgan maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan maxsus texnikalar tannarxlarini qayta koʻrib chiqib, ularni pasaytirish choralarini koʻrsin.

 

12. Davlat ekologiya qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasiga 2021-yil
1-yanvarga qadar:

 

 

maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish, maishiy
va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;

 

Qurilish vazirligi bilan birgalikda Qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;

yangi tahrirdagi “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritsin.

13. Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi:

bir oy muddatda chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan oʻz tizimidagi tashkilotlar oʻrtasidagi debitor va kreditor qarzdorlik holatini tahlil qilsin hamda ularni kamaytirish yuzasidan zarur choralarni amalga oshirsin;

 

2021-yildan boshlab byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalarini moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha kommunal xizmatlar haqini toʻlash va chiqindi konteynerlarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarga yetarli byudjet mablagʻlari nazarda tutilishini
nazorat qilsin.

 

14. Ichki ishlar vazirligi Davlat ekologiya qoʻmitasi, Transport vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ushbu qaror va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat va targʻibot ishlarini kuchaytirsin;

maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga biriktirilgan hududlarda chiqindilarni tayyorlash (sotib olish, qabul qilish), tashish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyatga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

15. Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida mazkur qaror quyidagi tartibda ijro etilsin:

a) Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish boʻyicha respublika komissiyasi raisi A.Ramatov:

mazkur qaror ijrosining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin, hududlarga chiqqan holda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini oʻrgansin, masʼul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etsin hamda muvofiqlashtirsin, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etib borsin;

mazkur qarorning 2 va 3-ilovalariga muvofiq chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish boʻyicha zamonaviy chiqindi poligonlari tashkil etilishini, shuningdek, keyinchalik belgilangan tartibda oʻzlariga berish sharti bilan poligonlarni qurish ishlariga xususiy sheriklarning jalb qilinishini taʼminlasin;

2021-yil 1-iyunga qadar quyidagilarni oʻz ichiga olgan qurilish chiqindilari poligonlarini mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qurish va jihozlash boʻyicha 2022-2023-yillarga moʻljallangan manzilli dasturni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilinishini taʼminlasin:

Toshkent shahrida hosil boʻladigan qurilish chiqindilarini joylashtirish uchun Toshkent viloyatining kamida uchta hududidan qurilish chiqindi poligonlarini qurishga har biri 5 gektardan kam boʻlmagan yer maydonini belgilangan tartibda ajratish, qurish va jihozlash;

 

viloyatlar markazlari, yirik shaharlar va Nukus shahri uchun qurilish chiqindi poligonlarini qurishga 5 gektardan kam boʻlmagan
yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish, qurish va jihozlash;

 

 

b) Davlat ekologiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
N.Oblomurodov:

 

mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq hududlarda maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish va qayta ishlash boʻyicha davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishini taʼminlasin;

maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlasin hamda bu sohada davlat ekologik nazoratini kuchaytirsin;

v) Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Gʻ.Xoljigitov:

loyiha tashabbuskorlariga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, aniq loyihalarning konsepsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarini ishlab chiqishda koʻmaklashsin;

mazkur sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalari bajarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirsin;

 

g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi
va viloyatlar hokimlari:

 

tegishli hududlarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishida tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama koʻmaklashsin;

mazkur qarorning 2 va 3-ilovalaridagi manzilli dasturlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan talab etiladigan zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida aniqlasin va ajratsin;

mazkur qarorning 4.1-4.13-ilovalariga muvofiq 2020-2021-yillarda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maqsadli indikatorlarga soʻzsiz erishilishini taʼminlasin;

2021-yilda mahalliy byudjetlar hisobidan qurilgan va xususiy sheriklar jalb etilmagan poligonlarni boshqarishni Davlat ekologiya qoʻmitasining “Toza hudud” davlat unitar korxonalariga topshirishni taʼminlasin.

 

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

 

17. Davlat ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

            Prezidenti                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 29-sentyabr