Ona tili – millatning ruhidir. Til — davlatning timsoli, mulki. Tilni asrab-avaylash orqali millat yuksaladi. Respublikamiz Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan belgilab qo‘yilgan.
Ona tilimizga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu yurtimiz hayotidagi tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan edi.

 
O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘-e’tibori oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning go‘zalligi va jozibasini namoyon etdi.
Dunyodagi barcha xalqlar o‘zlarining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNESKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida.
Mazkur raqamlardan ko‘rindiki, har bir millat, yoki xalq o‘z ona tilining rivoji uchun amaliy harakat qilmasa, vaqt o‘tib o‘sha millat o‘z ona tilini yo‘qotishi mumkin.
Mamlakatimizda ona tilimizni boyitish, uning nufuzini oshirish yo‘lida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
“O‘zstandart” agentligi tizim-tashkilotlari va hududiy bo‘linmalarida ma’naviy -ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish va davlat tilida ish yuritish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘qon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan hududiy bo‘lim xodimlari ishtirokida tashkil etilgan ma’rifiy uchrashuvning asosiy mavzusi aynan ona tilimiz va uning jozibadorligini ta’minlash haqida bo‘ldi.
Shuningdek uchrashuvda, bo‘limlarda ish va hujjatlarni yuritish, rasmiylashtirilayotgan sinov bayonnomalari davlat tilida bo‘lishi va bu yo‘nalishdagi ishlar tahliliy bahlanib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.