Karantin cheklovlari amal qiladigan davrda quyidagilarga qatʼiy etibor qaratish belgilandi:
 
a) davlat organlari va tashkilotlariga:
 
xodimlarini xatlovdan oʻtkazgan holda, ish joyiga faqatgina zarur boʻlgan mutaxassislarni bevosita jalb etishga ruxsat berilganini inobatga olib, qolgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat taʼtiliga chiqarishni yoxud masofadan turib (onlayn) ishlashini tashkil etishga toʻliq rioya etilishini taʼminlash;
 
xodimlarini vaqtinchalik xizmat safariga yuborishni toʻxtatish;
 
yigʻilishlarni faqatgina onlayn tarzida tashkil etish;
 
xodimlar orasida koronavirus bilan kasallanganlar mavjud boʻlgan taqdirda, ulardan xabar olish, davolanish maqsadida zarur dori vositalari va buyumlarni xarid qilish uchun xodimning sharoitini inobatga olgan holda, moddiy yordam ajratish;
 
b) fuqarolarga:
 
toʻy, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlarni oʻtkazmaslik;
 
jamoat joylarida, koʻcha, maydon va mahallalarda uch kishidan ortiq toʻplanmaslik, qatʼiy ijtimoiy masofani saqlash (2 metr), tibbiy niqoblar va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
 
yoshi katta va muayyan turdagi kasalligi (qandli diabet, metobolik sindromlari, autoimun kasalliklari, qon, yurak, tomir kasalliklari, onkologik kasalliklar va b.) mavjud fuqarolarga koronavirus kasalligi kuchli taʼsir koʻrsatishini inobatga olib, 65 yoshdan oshgan fuqarolarni “oʻzini oʻzi yakkalash” hayot tarziga qatʼiy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.
 
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.