Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 23-iyuldagi PF–6033-son “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 67 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik direktoriga, zarur hollarda, Agentlik tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Agentlik direktorining oʻrinbosarlari Agentlik direktorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Agentlik xodimlariga nisbatan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi saqlanib qolinadi.
3. Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek noqonuniy mahsulotlar ishlab chiqarish va aylanmasini nazorat qilishni kuchaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Agentlikning Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan har yili ajratiladigan subsidiyalar;
alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar sof tushumining besh foizi miqdoridagi ajratmalar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-iyuldagi PF–6029-son Farmoniga asosan ushbu ajratma miqdori 2020-yil 31-dekabrgacha uch foiz qilib belgilanganligi inobatga olingan holda);
Agentlik huzuridagi “Enologiya laboratoriyasi” va “Uzumchilik oʻquv markazi” davlat unitar korxonalarining sof foydasidan belgilangan tartibda amalga oshiriladigan ajratmalar;
alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarganlik yoki etil spirti hamda alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi uchun toʻlanadigan jarima summasining 50 foizi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanadigan korxonalar tomonidan litsenziya talablari buzilganligi uchun tayinlanadigan jarimalar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablagʻlari) va grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur bandning uchinchi xatboshisi 2022-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
5. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
Agentlikning texnik navli uzumzorlar va vinochilik sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan kompleks maqsadli dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan uzum koʻchatlarini xarid qilish, uzumning seleksiya navlarini yaratish va ularni ekishni tashkillashtirish bilan bogʻliq vazifalarining samarali bajarilishi;
suv tejovchi, shu jumladan tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda subsidiyalar berish;
sanoatbop tokzorlarda irrigatsiya tadbirlarini oʻtkazish, jumladan suv yetkazib berish, artezian quduqlar, quvurlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sigʻimlar sotib olish;
texnik navli uzum plantatsiyalarini yaratish hamda uzum, mevalar va rezavorlardan alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasining 50 foizidan oshmaydigan foiz stavkasi boʻyicha qarz berish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan 4 foizli punktgacha chegirgan holda tijorat banklariga kredit resurslarini berish;
mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish;
mahalliy sharoitda tok oʻsimligi toʻqimalaridan (meristema hujayra) “In vitro” usulida yetishtirilgan tok koʻchatlarini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish;
umumiy qiymatining kamida 15 foizi loyiha tashabbuskori tomonidan moliyalashtiriladigan texnik navli uzumchilik yoʻnalishidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha boʻlgʻusi hosil, tokzor va (yoki) yer uchastkasiga boʻlgan huquqni garovga olgan holda kafillik taqdim etish;
texnik navli uzum koʻchatlarini shpaleraga koʻtarish uchun subsidiyalar ajratish;
vinochilik sohasidagi xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, uzum yetishtiruvchilarni, Agentlik va vinochilik korxonalari xodimlarini, shu jumladan xorijda, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
mahalliy alkogol, shu jumladan vino mahsulotlarini targʻib qilish boʻyicha festivallar, koʻrgazmalar va yarmarkalar tashkil etish, alkogol sohasi korxonalarining, shu jumladan xorijda oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishiga koʻmaklashish hamda ularning bunday tadbirlardagi ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash;
sanoatbop uzumchilik va vinochilik, yangi turdagi alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va marketingda “nou-xau” bilan bogʻliq boʻlgan ilmiy loyihalarni moliyalashtirish;
texnik navli uzumlarning onalik maydonlari va kolleksiya uchastkalari, koʻchatxona (pitomnik)lar barpo etish;
kolleksion vino va konyak distillyati mahsulotlarini zaxiraga qoʻyish;
Agentlik va uning idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uning markaziy apparatini taʼminlash, shu jumladan Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, xususan ustamalar toʻlash, shuningdek Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tadbirlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomni;
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
7. Belgilansinki, isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatiga litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Quyidagilar:
2020–2024-yillarda sanoatbop tokzorlar barpo etish va qayta ishlash uchun xom ashyo yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
2020–2024-yillarda tokzorlarda resurs tejamkor, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etish va suv resurslari bilan taʼminlash prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2020–2022-yillarda tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati hamda tarmoq korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish grafigini tasdiqlasin.
9. Belgilansinki, Agentlik quyidagilarni 2021-yil 1-yanvarga qadar amalga oshirishga masʼul hisoblanadi:
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan birgalikda xalqaro standartlar va talablarni inobatga olgan holda isteʼmol va texnik etil spirtini hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha texnologik reglamentni ishlab chiqish;
b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmini hisobga olish hamda uzumzorlarning yagona reyestri axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda – hisobga olish axborot tizimi) quyidagilarni nazarda tutgan holda joriy etish:
2021-yil 1-yanvargacha isteʼmol va texnik etil spirti ishlab chiqaruvchilar hamda 2022-yil 1-yanvargacha alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mulkdorlarining oʻz mablagʻlari hisobidan isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda oʻlchov uskunalarini va hisobga olish axborot tizimiga axborot uzatuvchi boshqa hisobga olish va qayd etish vositalarini oʻrnatish. Bunda oʻlchov uskunalari hamda boshqa hisobga olish va qayd etish vositalariga texnik talablar Agentlik tomonidan belgilanadi;
hisobga olish axborot tizimini oʻzaro axborot almashinuvini oʻrnatish uchun moliya, iqtisodiyot organlari, shuningdek soliq va bojxona xizmatlari, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining barcha ishlab chiqaruvchilarini, alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarni hisobga olish axborot tizimiga ulash;
v) isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha “tahlika-tahlil” tizimini joriy etish.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
hisobga olish axborot tizimini ishlab chiqish hamda ushbu tizim ishlashi uchun zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha ishlar Jamgʻarma hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi;
hisobga olish axborot tizimini joriy etish va unda ishlash isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun majburiy hisoblanadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni zarur aloqa, shu jumladan hukumat aloqasi bilan va keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. “Oʻzstandart” agentligi va Agentlik:
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentyabrga qadar texnik etil spirtini ishlab chiqarish yagona davlat standartini ishlab chiqsin va joriy etsin;
2021-yil 1-iyulga qadar Agentlik huzuridagi “Enologiya laboratoriyasi” DUKni xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtkazishni tashkil etsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzstandart” agentligi isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning haqiqiy aylanmasi hajmlarini monitoring qilish, ularni ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar sifatini, shuningdek litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilishda Agentlikka yaqindan koʻmaklashsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Abay koʻchasi, 6-uy manzilida joylashgan Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi va Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining bino va inshootlarini jihozlari va tashkiliy texnikasi bilan birga Agentlikning operativ boshqaruviga berilishini, shuningdek tugatish jarayoni yakunlanganidan keyin ularning qolgan pul mablagʻlari va asosiy vositalarini Agentlikka oʻtkazilishini taʼminlasin.
15. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev