Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni videoselektor yigʻilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

- Barchamiz guvohi boʻlib turibmiz, afsuski, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida kasallikning ikkinchi toʻlqini boshlanayotgani barchamizda jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

Bugungi holat shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu infeksiyaga qarshi kurashda qandaydir “sehrli retseptlar” hali yoʻq.

Jahon hamjamiyati, dunyodagi eng yirik ilmiy markazlar, eng kuchli olimlar bu ofatga davo topish uchun qattiq izlanmoqda. Va bunday tadqiqotlar tez orada oʻzining ijobiy natijasini beradi, deb umid qilamiz.

Hozirgi kunda respublikamizda kasallikka chalinganlar soni 10 ming 982 nafarga, sogʻayganlar soni 6 ming 890 nafarga yetdi.

Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarining kasb malakasi va jasorati, huquq-tartibot idoralari xodimlarining fidoyiligi, shuningdek, karantin davridagi qatʼiy intizom mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni nisbatan barqaror saqlash imkonini bermoqda.

Lekin bu xotirjamlikka berilish, bu masalaga yengil-yelpi qarash uchun asos boʻlmasligi kerak.

Chunki iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 ming 167 nafarga koʻpaygan. Shundan 1 ming 267 ta (58%) holat aholi orasida aniqlangan.

Bu karantin davridagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Afsuski, bemorlar orasida oʻlim soni ham ortib bormoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart.

Biz mamlakatimizda koronavirus aniqlangan kundan boshlab qayta-qayta taʼkidlab kelmoqdamiz: bu juda murakkab sinov va ogʻir kurash boʻladi.

Bu kurashda koʻp narsa oʻzimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga temir intizom bilan, qatʼiyat va jipslikda ish koʻrishimizga bogʻliq.

Lekin, ming afsuski, aholi oʻrtasida koʻpchilik mana shu talablarga toʻla amal qilmayapti.

Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish, oʻzaro qoʻl berib koʻrishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni oʻtkazish holatlari kun sayin koʻpaymoqda.

Joylarda “yashil”, “sariq” va “qizil” hudud tamoyili toʻliq ishlamayapti.

Biz bu borada ahvolni oʻzgartirish uchun avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak.

Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Respublika komissiyasi viloyat, shahar, tumanlar hokimlari hamda sektor rahbarlari bilan birga pandemiyani jilovlash boʻyicha barcha choralarni koʻrishi shart.

Tegishli rahbarlar oʻziga biriktirilgan har bir viloyat kesimida aholining belgilangan cheklovlarga qatʼiy amal qilishi va karantin talablari bajarilishi ustidan, joyiga chiqqan holda, nazorat oʻrnatsin.

Albatta, biz qoʻshni davlatlarda maʼlum sabablarga koʻra qolib ketgan Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakatimizga qaytarish boʻyicha ham tegishli chora-tadbirlarni koʻramiz.

Biroq yurtdoshlarimizga murojaat qilib yana bir bor taʼkidlamoqchiman: butun dunyoda ming-minglab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlayotgan bunday xatarli ofatga aslo beparvo va yengil qarab boʻlmaydi.

Kasallikning biror-bir kichik belgisini oʻzingizda sezdingizmi, darhol shifokorga murojaat qiling.

Oʻzingizcha uyda davolanmang. Bu ogʻir oqibatlarga olib kelishi, va nihoyat oʻlim bilan tugashi mumkin.

Oʻzingizga va oila aʼzolaringizga nisbatan beparvo va befarq boʻlmang!

Xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulugʻ boylik ekan, bu oʻta muhim masalada befarq boʻlib, karantin talablarini buzishga hech kimning haqqi yoʻq.

Buni hech kim, avvalo, barcha rahbar va mutasaddilar hech qachon unutmasligi shart.

Bugungi murakkab vaziyatda barchamiz “Oʻz sogʻligʻingni, oʻz bolangni, oʻz oilangni oʻzing asra!” degan shiorga amal qilib yashashimiz shart.

Ayni vaqtda hayotimizni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga oʻrganishimiz, barcha ehtiyot choralarini koʻrgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni temir intizom bilan davom ettirishimiz kerak.

OʻzA