Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-may kuni tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor toʻxtalib oʻtdi.
Kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sogʻaygani, bu kurashda chinakam jasorat koʻrsatayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard soʻmdan ziyod ragʻbatlantirish puli toʻlab berilgani aytildi.
– Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qaygʻuryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida ogʻir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam koʻrsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari koʻrilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Misol uchun, oxirgi haftada tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr energiyasi isteʼmoli 13 foizga koʻpaygan. Shuningdek, oxirgi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilgʻi mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan.
Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik subyektining faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.
Umuman, soʻnggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini yumshatish boʻyicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion soʻmlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.
18-may kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va 100 mingga yaqin aholiga qoʻshimcha 1,7 trillion soʻmlik koʻmak beriladi.
– Qanchalik ogʻir boʻlmasin, nima sharoit yaratish zarur boʻlsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini taʼminlashi kerak, – dedi Prezident.
Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasi qoʻyildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizning 38 ta tumani “qizil” zonada qolayotgani bois karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi.
Pandemiya tufayli kambagʻal aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish oʻrinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash zarur.
Yigʻilishda bu boradagi qoʻshimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratildi.
– Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qoʻyilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish boʻyicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini toʻliq taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari toʻgʻrisida hukumatga maʼlumot kiritib boradi. Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini koʻrib chiqadi.
Oʻzini oʻzi band qilayotgan, qoʻlida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Yaʼni, sartarosh, etikdoʻz, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, fotograf, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi oʻzini oʻzi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad soligʻidan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilgʻor xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni roʻyxatga olish va hisobini yuritish boʻyicha mobil ilova ishlab chiqiladi.
Maʼlumki, yil boshida xususiy notariuslikka ruxsat berilgani natijasida 617 ta davlat notariusi xususiy boʻldi va byudjetdan berilayotgan 200 milliard soʻm iqtisod qilindi.
Xuddi shuningdek, hozirgi kunda davlat idoralari koʻrsatayotgan kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer ajratishda toposuratga olish kabi xizmatlarni xususiy sektorga oʻtkazilsa, minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga aniq hisob-kitob asosida, xususiy sektorga oʻtkazish mumkin boʻlgan davlat xizmatlari roʻyxatini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Karantin davrida koʻpgina tashkilotlar toʻlov qobiliyatini yoʻqotib, bankrotlik yoqasiga kelib qolishi mumkin. Shu sababli, korxonaga sanatsiya qoʻllanilsa, uning soliq va boshqa toʻlovlardan qarzdorligi karantin tugaganidan keyin undirilishi mumkinligi belgilandi.
Davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimi tanqid qilindi, unda haligacha byurokratizm saqlanib qolgan. Jumladan, auksionga qoʻyilgan ayrim yer uchastkalari va koʻchmas mulk obyektlarining investitsiya majburiyatlari yuqoriligi, infratuzilma rivojlanmagan joylardan ajratilgani sababli ularning 53 foizi koʻpdan beri sotilmay turibdi. Shuningdek, 57 ta tuman va shaharda soʻnggi 4 oyda tadbirkorlik uchun birorta yer uchastkasi auksionga chiqarilmagan. Joylarda davlat ulushi mavjud 552 ta obyekt boʻsh turibdi.
Ushbu inshootlarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, ayrimlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bundan buyon kichik sanoat zonalari mulk huquqi asosida tashkil etilib, boshqaruvga xususiy sektor keng jalb qilinadi. Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokimliklar bilan birga ushbu kichik sanoat zonalari joyini aniqlash, infratuzilmasiga mablagʻ ajratish, boshqaruvga xususiy sektorni keng jalb qilish bilan shugʻullanadi. Ularni infratuzilmaga ulash uchun joriy yilda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 200 milliard soʻm ajratiladi.
Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion soʻm kredit mablagʻlarini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni toʻliq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.
Prezidentimiz mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablagʻlar uchun kredit olishda tadbirkorlarga oʻrnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini taʼkidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.
Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini ragʻbatlantirish, aholining isteʼmol qobiliyatini oshirish maqsadida isteʼmol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Yigʻilishda tijorat banklari oldidagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bogʻliqligi bu boradagi muammolar koʻlamini koʻrsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari boʻyicha tadbirkorlar murojaatlari Milliy bankda 10 foiz, Mikrokreditbankda 11 foiz, Agrobankda 13 foiz ijobiy hal qilingan, xolos.
Prezidentimiz bank faoliyatiga mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi.
Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim boʻgʻin ekani, har bir tumandagi “oʻsish nuqtalari”ga mablagʻ yoʻnaltirib, tadbirkor va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashi zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Mutasaddilar yigʻilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.
OʻzA