Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Jahon bozorlari talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda hududlarni ixtisoslashtirish toʻgʻri yoʻl ekanligini koʻrsatmoqda.
Shu sababli, dastlabki bosqichda respublika boʻyicha 55 ta tuman meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. Biroq, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan hududlarning salohiyatidan samarali foydalanish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.
Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, tumanlar hududlarini tuproq-iqlim sharoitlariga mos bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavot-polizchilik, kartoshkachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish orqali ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish hamda ilm-fan yangiliklarini keng joriy etish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning:
respublika hududlarini bosqichma-bosqich qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish;
respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining muayyan turlariga ixtisoslashtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida eksperiment tariqasida 2020-2022 yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qoʻshimcha yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Jizzax viloyatining ayrim hududlarini 2020-2022 yillarda bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Jizzax viloyati ayrim hududlarini 2020-2022 yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor oʻsimliklar hamda issiqxona xoʻjaliklariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Jizzax viloyati ayrim hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirishda 2020-2022 yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Jizzax viloyati hokimligi va Ishchi guruh (Oʻ.Barnoyev):
a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda hududlarni ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan topshiriqlarning samarali va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlasin hamda natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga har chorakda maʼlumot kiritib borsin;
b) tuman hokimliklari hamda xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarning yer maydonlari ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ushbu yer maydonlarini ustuvor ravishda raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish jarayonini hamda innovatsion va resurstejamkor texnologiyalarni qoʻllashni oʻz ichiga olgan agroklasterlarni tashkil etuvchi salohiyatli tashabbuskorlar, fermer xoʻjaliklari va boshqa subyektlarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun tanlov asosida ajratish choralarini koʻrsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ixtisoslashtirilayotgan hududlarda yaxlitlikka jiddiy eʼtibor qaratgan holda tegishli qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlariga qarab plantatsiya shaklida eksportbop ekin turlarini joylashtirish va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilanishini va bajarilishini;
suv taʼminoti va infratuzilmasi mavjud boʻlgan Zomin tumanidagi dengiz sathidan 1-1,5 ming metr balandlikda boʻlgan Qoramozor hududidan 20 gektar yer maydonini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti balansiga oʻtkazilishini taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Zafarobod tumani F.Xoʻjayev massivida joylashgan 30-son manzil koloniyasiga qarashli 513 gektar samarasiz foydalanib kelinayotgan sugʻoriladigan yer maydonini 2 400 boshli goʻsht yoʻnalishidagi chorva kompleksini tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish sharti bilan loyiha tashabbuskorlariga tanlov asosida ajratib berish choralarini koʻrsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi va “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Jizzax viloyatining Zomin, Mirzachoʻl hamda Paxtakor tumanlarida, ularning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, transport va infratuzilma obyektlari holati va tutash tumanlarning mahsulot yetishtirish hajmlarini inobatga olib, yirik agrologistik markazlarni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish dasturini tasdiqlasin hamda bajarilishini taʼminlasin;
ye) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, tijorat banklari hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda 2020-yil davomida tashkil etiladigan investitsiya loyihalari boʻyicha, shuningdek, har yili 1-oktyabrga qadar kelgusi yil uchun tashkil etiladigan loyihalarning manzilli dasturini tasdiqlasin va har chorakda bajarilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga batafsil maʼlumot kiritib borsin;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-yil III choragida Jizzax viloyatining Baxmal, Gʻallaorol, Zomin, Forish, Yangiobod va Sh.Rashidov tumanlaridagi yangi oʻzlashtiriladigan lalmi yer maydonlarida bogʻdorchilik va uzumchilikni rivojlantirish uchun artezian quduq qazish va yer osti suvlaridan foydalanish maqsadida burgʻilash ishlarini tashkil etsin;
z) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda manzilli dasturni moliyalashtirishda tijorat banklarining kredit mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari va xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
Bunda, tijorat banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlarni shakllantirishga kreditlar ajratishda qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosilsiz hamda barpo etilayotgan quvvatlarni tashkil etish davriga kreditning asosiy qarzidan imtiyozli davr beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Oʻ.Barnoyev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda:
Respublikaning ayrim hududlarini 2020-2022 yillarda bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari;
Respublikaning ayrim hududlarini 2020-2022 yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor oʻsimliklar hamda issiqxona xoʻjaliklariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari;
Respublikaning ayrim hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirishda 2020-2022 yillar davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihalarining ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
5. 2021-yil 1-yanvardan boshlab 2023-yil 1-yanvarga qadar 5-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha chetdan olib kirilayotgan urugʻlar, koʻchatlar va payvandtaglar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etilsin.
6. Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
bogʻdorchilik xoʻjaliklarida tashkil qilinadigan har 35 gektar intensiv bogʻ va tokzorlarga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish ishlari uchun suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomaga asosan 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda subsidiya mablagʻlarini ajratish tartibi joriy etilganligi inobatga olinsin;
suvdan foydalanish maqsadida tutash hududlarda joylashgan har birining umumiy maydoni 35 gektardan oshmaydigan bir necha fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining oʻzaro kelishuvi asosida suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish uchun suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomaga asosan har 35 gektar maydonga 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
a) Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Jizzax viloyatining ayrim hududlarida artezian quduq qazish va yer osti suvlaridan foydalanish maqsadida Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 6 milliard soʻm mablagʻlari evaziga 6 dona burgʻilash mashinasini xarid qilib, Jizzax viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga begʻaraz ajratish ishlarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur dastur doirasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan loyihalarni belgilangan tartibda moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan hududlarda tashkil etiladigan har bir agroklasterga xalqaro standartlarga (Global GAP, Organic, ISO 22000 va boshqalar) muvofiq xavfsizlikni boshqarish tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirishda amaliy yordam koʻrsatish rejasini ishlab chiqib, amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ixtisoslashtirilgan hududlarning, birinchi navbatda Jizzax viloyatining tabiiy gaz va elektr energiyasi taʼminotini oʻrgangan holda zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻ hamda tokzorlar tashkil etilayotgan hududlarni energiya resurslari bilan taʼminlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi va noanʼanaviy energiya manbalaridan foydalanishni yoʻlga qoʻygan tashabbuskorlar, fermer xoʻjaliklari va boshqa subyektlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 11-may
O'zA