“Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.
Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar berdi.
Qaror bilan foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti suv zaxirasi mavjud boʻlgan yerlarni foydalanishga kiritish va ularni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun aholiga imtiyozli shartlarda ajratib berish tartibi belgilandi.
Unga koʻra, tuman hokimligi foydalanishga kiritilgan yer maydonlarini:
dehqonchilik sohasida bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan, birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga 1 gektargacha dehqon xoʻjaligi yuritish uchun, istisno tariqasida, 10 yilgacha muddatga ijaraga beradi;
tajriba sinov tariqasida mahalliy tadbirkorlik subyektlariga barcha xarajatlarni oldindan toʻlash sharti bilan 5 gektargacha boʻlgan yer maydonlarini 10 yilgacha muddatga ijara huquqini elektron auksion asosida sotadi.
Ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanadi va ustuvor ravishda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar ekiladi va bogʻ, tokzorlar barpo etiladi.
Yerdan foydalanish davomida belgilangan ekin turlarini ekib, ish oʻrinlarini yaratgan, ijara xarajatlarini oʻz vaqtida qoplagan tadbirkorlarga yerdan foydalanish muddatini uzaytirishda ustuvorlik huquqi beriladi.
Ushbu qaror doirasida beriladigan yer maydonlarida yengil konstruksiyali dala shiypon va sugʻorish inshootlarini joylashtirishga ruxsat beriladi, boshqa turdagi, shu jumladan turar joy, bino va inshootlar qurish qatʼiyan man qilinadi.
Shuningdek, qarorga koʻra, qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha 500 ming soʻmdan ragʻbatlantiriladi.
OʻzA