Bugungi kunda barcha sohalarda kechayotgan qiyin vaziyatda Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir qator qarorlar qabul qilinmoqda.
Shubhasiz, ushbu hujjatlarning qabul qilinishidan asosiy maqsad global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish hisoblanadi.
Metrologiya sohasida ham iqtisodiyot tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish hamda ular oqibatlarini yumshatishga qaratilgan zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining navbatdagi yig‘ilish qaroriga asosan Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish choralari amal qilish davrida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan tabiiy gaz, elektr energiyasi, sovuq va issiq suvn hisobga olish uskunalarini (maishiy hisoblagichlar) qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari joriy yilning 1 sentyabriga qadar uzaytirildi.
Bunda, muddati o‘tgan sertifikatlarga ega tabiiy gaz, elektr energiyasi, sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalari (maishiy hisoblagichlar) ning ko‘rsatkichlari istisno tariqasida tegishli hisobotlarda inobatga olinadi.
Avval davriy metrologik tekshiruvdan o‘tgan o‘lchash va sinov vositalariga rasmiylashtirilgan sertifikatlarning amal qilish muddatlari epidemiologik holat davrida tugagan yoki tugaydiganlarini ushbu davrda o‘rnatilgan cheklovlar sababli metrologik tekshiruvini o‘tkazish imkoniyatlari mavjud bo‘lmasa, qiyoslash sertifikatlari o‘rnatilgan karantin davrida amal qiladi.
O‘lchash vositalaridan foydalanuvchilar, ularni tashqi va konstruktiv jihatdan nuqsonsiz bo‘lishiga hamda tashqi ta’sirdan himoyalovchi qiyoslash plombasi va tamg‘angizining butligiga mas’uldir.