“O‘zstandart” agentligi, Akkreditatsiya markazi bilan hamkorlikda mahsulotlarning muvofiqligini baholash ishlarining o‘z vaqtida, sifatli va samarali o‘tkazilishini ta’minlash hamda epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar ushbu ishlar bo‘yicha vujudga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlarni kamaytirish maqsadida, “Mahsulotlarni va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi” Qonunining 5-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-sonli farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 apreldagi “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish sohasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
349-son qarorining 5-bandi va 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-son qarori, “Mahsulotlarni sertifikatlash qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 1458, 2005 yil 18 mart) 15 va 21-bandlariga, Xalqaro laboratoriya akkreditatsiya hamkorligi (ILAC), Xalqaro akkreditatsiya forumining (IAF) shu vaziyat yuzasidan berilgan rasmiy bayonnomalariga muvofiq, respublikada sanitar-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar quyidagi tartibda ishlarni tashkil etishni tavsiya qiladi:
1. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomasining amal qilish muddati epidemiologik holat davrida tugagan yoki tugaydigan, shuningdek o‘tkazilgan inspeksiya nazorati natijasida akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomasi vaqtincha to‘xtatilgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya talablari va shartlariga rioya qilgan holda muvofiqlikni baholash ishlarini, istisno tariqasida, amalga oshirishni davom ettirish.
Bunda, o‘tkazilgan inspeksiya nazorati natijasida akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomasi vaqtincha to‘xtatilgan muvofiqlikni baholash organlari inspeksiya nazorati natijasida aniqlangan nomuvofiqliklarni belgilangan tartibda bataraf etish choralarini ko‘rishlari lozim.
2. Avval seriyalab ishlab chiqarilgan mahsulotlarga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlarining (3, 4 va 5-chizmalar bo‘yicha) epidemiologik holat davrida tugagan yoki tugaydigan amal qilish muddati respublikada sanitar-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar uzaytirilgan hisoblanadi.
Manfaatdor tomonlar yangiliklar bilan “O‘zstandart” agentligi va “Akkreditatsiya markazi” DUKning www.standart.uz va www.akkred.uz rasmiy veb-saytlari orqali tanishib borishlari zarur bo‘ladi.