So‘ngi yillarda Indoneziya va O‘zbekiston  Respublikalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Indoneziya Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida Indoneziya Milliy standartlashtirish tashkiloti (BSN) bilan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqliqni baholash sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlantirildi.

Joriy yilning  3 mart kuni Buxoro shahrida Indoneziya davlatining “BSN”  tashkiloti va “O‘zstandart” agentligi o‘rtasida mahsulotlarning muvofiqligini baholash, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan ko‘maklashish sohalarida Bitim imzolandi.

Imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, metrologiya va mahsulotlarning muvofiqligi va mos keluvchanligini ta’minlash uchun sinov sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, sinov natijalarini, milliy va xalqaro standartlarga asoslangan muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro e’tirof etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalar va ishlarni amalga oshirish, malaka almashish uchun treninglar va seminarlar  tashkil etishga xuquqiy asos yaratadi.

Tadbir doirasida Buxoro viloyati hokimligi, “O‘zstandart” agentligi, mamlakatimizdagi Indoneziya Respublikasi elchixonasi, “BSN”  tashkiloti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama savdo hamkorligini kengaytirish, ziyorat turizm sohasini rivojlantirish, sifat infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

 

Xalqaro xamkorlik boshqarmasi